Davlatimiz rahbarining “Kurash milliy sport turini va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora - tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida har yil an’anaviy tarzda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasi kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazib kelinmoqda.
Bu gal Chirchiq shahrida “Kurash - milliy g‘ururimiz” shiori ostida o‘tgan respublika final bosqichi bellashuvlarida hududlardan saralangan 200 nafarga yaqin yosh polvonlar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Chempionatning tantanali ochilish marosimida maktab o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilish va o‘quvchi-yoshlarni sportga keng jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar yana bir bor e’tirof etildi.
Shundan keyin 14 ta vazn toifasida bahslarga start berildi. Har bir vazn uchun kechgan bellashuvlar davomida Toshkent, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari g‘oliblikka da’vogarlar qatoridan joy oldi.
O‘tkazilgan final bellashuvlarida Rustam Obloqulov, Barkamol Toshpo‘latov, Maqsadbek Mavlonbekov kabi yosh polvonlar o‘z vazn toifalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA