Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan "Yangi O‘zbekiston – yangicha targ‘ibot" shiori ostida yanvar – "Vatan va oila himoyasi oyligi", deb e’lon qilindi.
Oylik doirasida aholi xonadonlarida, mahallalar, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari hamda harbiy qismlarda oilani mustahkamlashga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
– Vatan himoyasi oiladan, mahalladan boshlanadi, – deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Murodjon G‘ofurov. – Oylikni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholi, ayniqsa, yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat, sadoqat, yurtni har qanday tajovuzlardan asrash tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, qolaversa, Milliy armiyamizga, harbiylarga bo‘lgan ishonch va hurmatni oshirishga qaratilgan.
Targ‘ibot tadbirlari doirasida harbiy xizmatchilarning yoshlar bilan uchrashuvlari, Vatanga sadoqat, vatan va oila himoyasini targ‘ib etish bo‘yicha she’riyat kechalari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Bo‘ston tuman bo‘linmasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan oylik doirasida "Vatan himoyasi – oila himoyasidan boshlanadi" deb nomlangan seminar tashkil etildi. Tumandagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari, o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda Vatan himoyasi, milliy armiyamiz salohiyati, mard va jasur harbiylar, ularning sharafli burchi xususida ma’ruzalar tinglandi.
Seminar doirasida o‘quvchi yoshlar Andijon shahridagi harbiy qismga tashrif buyurib, harbiylar faoliyati bilan yaqindan tanishdi, ular bilan suhbatlar o‘tkazib, harbiy qurollardan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarni tomosha qildi. Mazkur tadbir yoshlarning Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA