Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabida viloyatidagi umumta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy malakasini mustahkamlash va hisob-intizom tizimini yaxshilash borasida kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati, shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlarining mudirlari, ta’lim sifatini baholash tuman bo‘limi rahbarlari hamda umumta’lim muassasalari direktorlari qatnashishdi.

Yig‘ilish jarayonida joriy o‘quv yilidagi ustuvor vazifalardan biri — o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini xolisona baholash, malakasini oshirish va o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashishga undash ekaniga e’tibor qaratildi. 2024 yilning birinchi yarmida sababsiz ravishda malaka oshirish kurslarini tark etgan pedagoglar bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingan. Bunda tartib va intizomga rioya etish asosiy mezon sifatida belgilangan.
Yig‘ilishda o‘qituvchilarni milliy va xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash, har bir fan bo‘yicha dars tahlili asosida aniq tavsiyalar ishlab chiqish, elektron kundalik va baholash tizimini keng joriy etish hamda raqamli platformalar orqali ta’limni samarali tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, 2024–2025 o‘quv yilida kasbiy sertifikatlashuvda ishtirok etgan 4 ming 161 nafar o‘qituvchidan 845 nafari yetarli ball to‘play olmagan. Guliston shahri va Sayxunobod tumanida bu ko‘rsatkich ayniqsa yuqori. Bu holatlar tanqidiy ko‘rib chiqilishi, sabab va kamchiliklar tahlil etilishi kerakligi bildirildi.
Ta’lim sifatini oshirish barobarida maktablarda intizom, sog‘lom muhit, javobgarlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari ham ko‘tarildi. Olimpiada va test sinovlari, to‘garaklar faoliyati, maktab formasi, sanitariya va xavfsizlik masalalari maktab direktorlari shaxsiy nazoratida bo‘lishi lozimligiga alohida urg‘u berildi.

Texnika vositalari va elektron platformalardan samarali foydalanish darajasi o‘rganildi. Baholash va kundalik yuritish jarayonini raqamlashtirish orqali xolis yondashuvni ta’minlash kerakligi uqtirildi.
Shuningdek, har bir ta’lim muassasasida o‘quvchilarning shaxsiyatini shakllantirish, jamoa ruhini mustahkamlash maqsadida maktab brendlarini yaratish, ularning umumiy imijini shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, uzoq yillar ta’lim sohasida samarali mehnat qilgan 24 nafar pedagog tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi. Ularning tajribasi yosh avlod uchun ibrat namunasi sifatida e’tirof etildi.
“Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida ijobiy natijalar qayd etgan Guliston shahridagi 16-maktab direktori Charos Xalilovaning tajribasi boshqa muassasalarda ham tatbiq etilishi rejalashtirildi.
Yig‘ilishda ta’lim tizimidagi islohotlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi. Boshqarma rahbariyati tomonidan ta’lim sifatini oshirishda hisob va nazoratni kuchaytirish muhim ekani uqtirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri