Guliston shahrida joylashgan ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” 11-maktab-internati o‘quvchilari joriy o‘quv yilini yaxshi natijalar bilan yakunladi. Maktab jamoasi va o‘quvchilar uchun yakunlangan o‘quv yili yutuqlarga boy bo‘ldi.
Bitiruvchi sinf o‘quvchilaridan ikki nafari umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana bir nafar o‘quvchi ixtisoslashgan maktab-internatlar o‘rtasidagi asosiy fan olimpiadasining Respublika bosqichida faxrli 1-o‘rinni egalladi. Bu kabi natijalar ushbu ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan samarali o‘quv-tarbiya ishlarining yutuqli ifodasidir.
[gallery-23720]
O‘quvchilardan biri – Muxlisa Sulaymonova ona tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat uchun o‘tkazilgan imtihonda ishtirok etib, “S” darajadagi sertifikatga ega bo‘ldi. Uning bu yutug‘i nafaqat shaxsiy, balki maktab jamoasi uchun ham iftixorli voqeadir. Ko‘rish imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, Muxlisa kabi o‘quvchilar yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z salohiyatini to‘la namoyon etmoqda.
Mazkur yutuqlar faqatgina bitiruvchilarning shaxsiy harakati emas, balki pedagoglar, ota-onalar va butun ta’lim jamoasining hamjihat mehnatining natijasidir. Shu sababli maktab rahbariyati kelgusida ham bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.
“Nurli maskan” o‘quvchilari bugun kelajakka ishonch bilan qarab, nafaqat bilimda, balki hayotda ham g‘olib bo‘lishga qodir ekanini amalda isbotlamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5ND1yfIi5jw" title="O‘quv yili muvaffaqiyatli yakunlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahriyor ORTIQBOEV (surat, video), O‘zA