Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quv treningi tashkil etildi
19:24 / 2025-10-20

Sirdaryo viloyatida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan dorixona xodimlari uchun o‘quv treningi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar “Berlin-Ximi” kompaniyasi vakillari hamkorligida amalga oshirildi.

Treningda farmatsevtlar zamonaviy tibbiyot amaliyotida keng qo‘llanilayotgan dori vositalari haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar ayniqsa endokrin va metabolik kasalliklarda to‘g‘ri preparat tanlash, dozalash va bemorga tavsiya berishda e’tiborli bo‘lish zarurligini ta’kidladilar.

Masalan, L-Tiroksin qalqonsimon bez gormoni yetishmovchiligida qo‘llaniladigan asosiy preparatlardan biri bo‘lib, u organizmdagi gormon balansini tiklash, energiya almashinuvini me’yorga keltirish va umumiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Siofor qandli diabetning 2-turi bilan og‘rigan, ayniqsa ortiqcha vaznga ega bemorlar uchun tavsiya etiladi. Preparat organizmning insulinga bo‘lgan chidamliligini pasaytiradi va qand miqdorini barqaror ushlab turishga yordam beradi.

Endokrin kasalliklar profilaktikasida muhim ahamiyatga ega yana bir vosita — Yodomarin. U yod yetishmovchiligini bartaraf etish va qalqonsimon bez faoliyatini normallashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bolalar, o‘smirlar hamda homilador ayollar sog‘lig‘ini muhofaza qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, Berlition diabetik nevropatiya va metabolik kasalliklarda asab tizimini qo‘llab-quvvatlovchi antioksidant vosita sifatida ta’riflandi. U asab hujayralarini oksidlanish stressidan himoya qilish, qon aylanishini yaxshilash va umumiy tonusni oshirishda samarali hisoblanadi.

Trening davomida ishtirokchilar ushbu preparatlarning ta’sir mexanizmi, to‘g‘ri dozalash usullari va bemorlarga tavsiya etishdagi muhim jihatlar haqida o‘z bilimlarini oshirishga muvaffaq bo‘lishdi. Shuningdek, amaliyotda uchraydigan muammolar yuzasidan savol-javoblar o‘tkazilib, tajriba almashuvi uchun keng imkoniyat yaratildi.

– Farmatsevt — bu faqat dori sotuvchisi emas, balki har bir bemorga sog‘liq masalasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan maslahatchi, – deydi “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi Sirdaryo viloyati bo‘linmasining rahbari Alisher Kunishev. – Shu bois bizning maqsadimiz — har bir xodimning kasbiy salohiyatini doimiy ravishda oshirish, zamonaviy dori vositalari haqida yangilangan bilimlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashdir. Bugungi trening ana shu maqsad yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

“Berlin-Ximi” kompaniyasi vakillari ham “Dori-Darmon” dorixonalari farmatsevtlarining bilimga chanqoqligi va kasbiy yondashuvini yuqori baholab, bu kabi treninglarning doimiy o‘tkazilishi tajriba almashish va malaka oshirish uchun muhim platforma ekanini ta’kidladilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri