Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quv-seminarida ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalar asosida parvarishlash usullari o‘rgatildi
15:43 / 2024-07-15

Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab agronom va pillachilik mutaxassislari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti hamkorligida “Pillachilik sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” mavzusida mintaqaviy o‘quv-kurslari bo‘lib o‘tdi.    

Prezidentimizning joriy yil 3 maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan seminarda hududlardagi oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster, fermer xo‘jaliklar mas’ullari, kasanachi va pillakorlar qatnashdi.    

Unda pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xonadonlarga tarqatilgan pillaning to‘g‘ri parvarishini yo‘lga qo‘yish, o‘rma tutzorlar tashkil qilish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tildi.    

Shuningdek, pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalari asosida parvarishlashga jalb qilish, bu orqali pillachilikdan olinadigan daromad va mahsuldorlikni oshirish xususida fikr-mulohazalar bildirildi.  

Ipak qurtining inkubatoriyada jonlanishi va undan keyingi bosqichlarda to‘g‘ri parvarish etilishiga e’tibor berish muhimligi qayd etildi. O‘quv kursi qatnashchilariga maxsus sertifikatlar taqdim etildi.  

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA