Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quv seminari o‘tkazildi
16:49 / 2025-10-23

Aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida “Mahalla yettiligi” a’zolari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida viloyat statistika boshqarmasi hamda Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda aholini ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, tayyorgarlik ishlari, ro‘yxatga olish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga elektron so‘rovnomalarni to‘ldirish tartibi, ma’lumotlarni aniq va to‘liq kiritish, aholi bilan muloqotda ishonchli axborot berish usullari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Tuman “Mahalla”lar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Mavlonov ta’kidlaganidek, mazkur o‘quv mashg‘ulotlar mahalla faollarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ro‘yxatga olish — bu shunchaki statistik tadbir emas, balki mamlakatning kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini belgilashda asos bo‘ladigan muhim jarayondir. Shuning uchun har bir mahalla faoli bu ishda faol va mas’uliyat bilan qatnashishi zarur. Bugungi seminar shu maqsadga xizmat qiladi, – dedi M. Mavlonov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri