Aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, mas’ul tashkilot va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Sirdaryo viloyatida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari izchil davom etmoqda.
O‘quv mashqlarning ikkinchi kuni Shirin shahrida joylashgan “Sirdaryo IES” filiali hududida o‘tkazildi. Bu bosqichda “Issiqlik elektr stansiyasida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan taqdirda ob’ekt rahbariyati va qutqaruv tuzilmalarining Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus taktik mashg‘ulot amalga oshirildi.

Tadbirda shaxsiy tarkibga favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelgan holatlarda esa ularni tezkorlik bilan bartaraf etish hamda belgilangan talab va qoidalarga qat’iy amal qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar berildi.
– Ushbu o‘quv mashqlari xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, xavfsizlikni ta’minlashda tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish va ob’ektda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan paytda hamkorlikda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi, – deydi “Sirdaryo IES” filiali direktori Bahrom Sobirov.

Mashg‘ulot doirasida stansiyada mavjud texnik vosita va uskunalarning holati ko‘zdan kechirilib, mavsumiy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha hisobotlar tinglandi. Shuningdek, magistral gaz quvurida gaz bosimining pasayishiga qarshi chora sifatida energobloklarni mazut yoqilg‘isi bilan ishlatish orqali ishlab chiqarishni barqaror saqlash harakatlari amalga oshirildi.
O‘quv mashqlarining navbatdagi qismi Boyovut tumanidagi maxsus tayyorgarlik hududida o‘tkazildi. Bu yerda zilzila oqibatida yuzaga kelgan shartli vayronaliklar sharoitida jabrlangan fuqarolarni qidirib topish, qutqarish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va yong‘inlarni bartaraf etish harakatlari amaliy jihatdan ko‘rsatib berildi.

Jarayonda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, davlat quyi tizimiga kiruvchi idora va tashkilotlar, ko‘ngilli qutqaruvchilar hamda yig‘ma jamoalarning hamkorlikdagi harakatlari baholandi.
– Mashqlar orqali har bir xizmat va tuzilma o‘z vazifalarini aniq anglab oladi. Ushbu mashqlar aholining xavfsizligini ta’minlashda muhim amaliy tajriba hisoblanadi, – deydi Sirdaryo viloyati FVB Axborot xizmati rahbari Davronbek Sulaymonov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri