Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quv markazlari peshlavhalaridagi xatolarni oqlab bo‘lmaydi
15:18 / 2022-11-02

Ko‘cha-ko‘yda, bozor va boshqa jamoat joylarida yurganda tashqi reklama va peshlavhalarga ko‘zingiz tushib, ba’zida ko‘nglingiz xira tortadi. Chunki ulardagi xato va kamchiliklar, adabiy til qoidalariga amal qilmaslik, ko‘pincha ajnabiy so‘zlardan foydalanish holatlariga duch kelamiz. Qolaversa, “Reklama to‘g‘risida”gi qonun va boshqa huquqiy hujjatlarga xilof tarzda yozilgan va joylashtirilgan peshlavhalar tegishli mas’ullarning mas’uliyatsizligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qoshida tashkil qilingan “Til posbonlari” jamoatchilik nazorati guruhi jamoat joylaridagi ana shunday holatlarni o‘rganib, tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Jumladan, mazkur guruh poytaxtimiz tumanlarida bo‘lib, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga zid holatlarni aniqlamoqda va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

“Til posbonlari” jamoatchilik nazorati guruhi yaqinda Yangihayot tumanida bo‘lib, o‘rganishlar olib bordi. Guruh yer usti metrosining bekatlari, bozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish do‘konlari, o‘quv markazlari, xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, qonun talablariga qanchalik amal qilinayotgani bilan tanishdi.  

O‘rganishlar natijasida yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan bo‘lsa-da, mas’ul idoralar tomonidan deyarli hech qanday amaliy ish qilinmayapti, degan xulosaga kelindi.  

— Tashqi reklamalar, peshlavhalarning boshqa tillarda yozilganiga o‘rganib ham qolyapmiz, — deydi partiya Markaziy kengashi bosh mutaxassisi Nodirbek Murodov. — Ularning imloviy xatolar bilan yozilganini ko‘rib, ta’bingiz xira bo‘ladi. Ayniqsa, yoshlarning bilimini oshirish bilan shug‘ullanuvchi o‘quv markazlari peshlavhalaridagi imloviy xatolarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Jamoat joylarida joylashtirilgan tashqi reklama va bannerlardagi bu kabi holatlar yosh avlod ongida ham noto‘g‘ri va yanglish xulosa paydo bo‘lishiga olib keladi.    

 O‘rganishlar davomida guruh a’zolari tomonidan do‘kon, o‘quv markazlari, MTT vakillariga “Reklama to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati, belgilangan javobgarliklar haqida ma’lumotlar berildi. Adabiy til qoidalariga amal qilish, to‘g‘ri va bexato yozish qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.  

“Til posbonlari” jamoatchilik nazorati guruhi o‘z faoliyatini muntazam davom ettirib boradi.    

 Muhtarama Komilova, O‘zA