Prezidentimizning 2020 yil 2 martdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 159-bandi, Xalq ta’limi vazirining tegishli buyruqlari asosida umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi.
Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi 2026 yilga qadar to‘liq joriy etilishini inobatga olgan holda qayta tayyorlov kurslari o‘quv-me’yoriy va o‘quv-metodik resurslari to‘liq takomillashtirib borilmoqda.
Jumladan, qayta tayyorlash kurslarining tayanch o‘quv rejalari, namunaviy va ishchi dasturlar hamda o‘quv metodik majmualar soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan o‘rganildi, turdosh, kasbiy va pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tayanch o‘quv rejalari, namunaviy va ishchi dasturlari, o‘quv-metodik majmualari umumiy o‘rta ta’limning Milliy dasturiga moslashtirildi.
Ma’lum qilinishicha, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi o‘qituvchisi va tarbiyachisi 5 ta (oligofrenopedagogika, surdopedagogika, tiflopedagogika; umumta’lim maktablari psixologi, ta’lim muassasasi logopedi) yo‘nalishi bo‘yicha tayanch o‘quv reja, namunaviy dastur, ishchi o‘quv – mavzu reja va dastur, o‘quv metodik majmualar soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan o‘rganildi, tahlil qilindi hamda Milliy dastur asosida takomillashtirildi.
Jumladan, Ta’lim muassasasi logopedi huquqini berish bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash kursi (648 soat) tayanch o‘quv rejada berilgan “Umumkasbiy fanlar” (406 soat) va “Ixtisoslik fanlar” (98 soat) mavzulari soha mutaxassislari tomonidan o‘rganildi va takliflar asosida qayta ishlandi. Ushbu yo‘nalish o‘quv tayanch rejasida berilgan “Umumkasbiy fanlar” (202 soat), “Ixtisoslik fanlar” (242 soat), “Mustaqil ta’lim” uchun 60 soat ajratildi. O‘quv reja ishlab chiqishda asosiy e’tibor amaliy mashg‘ulotlarga qaratildi.
– Umumta’lim fanlari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash kursi (19 ta fan yo‘nalishi) quyidagi fanlarni qamrab oladi, – deydi A.Avloniy nomidagi ilmiy tadqiqot instituti direktori Ayubxon Radjiyev. – Boshlang‘ich ta’lim, O‘zbek tili (ta’lim rus va qardosh tilli maktablar uchun), Qoraqalpoq tili va adabiyoti, Ona tili va adabiyoti, Rus tili va adabiyoti, Rus tili (ta’lim o‘zbek va qardosh tilli maktablar uchun), Chet tili, Matematika, Fizika va astronomiya, Informatika, Biologiya, Kimyo, Tarix, Tarbiya, Davlat va huquq asoslari, Geografiya va iqtisodiyot, Texnologiya, Tasviriy san’at va chizmachilik, Musiqa. Bu fanlarning tayanch o‘quv reja, namunaviy dastur, ishchi o‘quv – mavzu reja va dastur, o‘quv metodik majmualari soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan o‘rganildi, tahlil qilindi, umumiy o‘rta ta’limning Milliy dasturi asosida takomillashtirildi. Masalan: Texnologiya fanini o‘qitish huquqini berish bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash kursi (972 soat) tayanch o‘quv rejasida “Umumkasbiy fanlar”ga 750 soat, “Ixtisoslik fanlarga” 150 soat berilgan. “Umumkasbiy fanlar” blokiga berilgan modullar mavzulari takror bo‘lmasa-da, mazmunan takrorlanish borligi aniqlandi. Bundan tashqari, umumta’lim maktablari o‘quv dasturidagi yangi bo‘lim va boblar kiritilmaganligi aniqlandi. Bu esa qayta tayyorlash kursi tinglovchilarini maktabda to‘liq ishlashi uchun yetarli bilim ololmasligini anglatadi.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha kasbiy va pedagogik qayta tayyorlash kursi 16 ta fan yo‘nalishidagi fanlar kurslari ham dastur asosida ishlab chiqildi.
Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 9 dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2021-2022 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejani tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra, umumta’lim fan nomlariga quyidagi o‘zgartirishlar: “Geografiya” – “Geografiya va iqtisodiyot”, “Fizika” – “Fizika va astronomiya” deb nomlandi, “Tabiiy fanlar” yangidan kiritildi. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan turdosh kasbiy, kasbiy va pedagogik hamda pedagogik faoliyat yuritish huquqini berish bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini tayanch o‘quv rejalari qayta ishlandi.
Tayanch o‘quv rejalar mazmuniga kredit modul tizimi joriy etilishini nazarda tutgan holda, umumiy o‘rta ta’limning Milliy dasturi mazmuni singdirildi.
Qayta tayyorlash kurslarining turdosh, kasbiy va pedagogik, maxsus ta’lim va pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha 24 nomda turdosh mutaxassislikka hamda 16 nomda kasbiy va pedagogik kadrlarni pedagogik qayta tayyorlash yo‘nalishlari, 5 nomda pedagogik faoliyat yuritish huquqini berish bo‘yicha o‘quv reja, fan dasturlari, ishchi o‘quv-mavzu reja va dasturlari Markaz xodimlari va fan mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.
Ushbu o‘quv reja, fan dasturlari, ishchi o‘quv-mavzu reja va dasturlar hamda o‘quv metodik majmualarga tegishliligi bo‘yicha soha mutaxassislari professor-o‘qituvchilardan taqrizlar olindi. Jumladan, O‘zbekiston milliy universitetiti, Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent shahridagi ADJU universiteti, Farg‘ona viloyati XTXQTMOHM, Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston jahon tillari universiteti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va shu kabi oliy ta’lim muassasalaridan ijobiy taqrizlar hamda takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar olindi.
Ta’lim-tarbiya, malaka oshirish, qayta tayyorlash yo‘nalishidagi islohotlar davom etmoqda. Bu boradagi bugungi harakat ertangi ijobiy natijalarga eltadi.
Barno Meliqulova, O‘zA