Parkent tumanida “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish loyihasi” doirasida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) va agrar sohadagi hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi mutaxassislari, tijorat banklari xodimlari, fermerlar hamda loyiha konsultantlari ishtirok etdi.

Seminarda qishloq xo‘jaligi strategiyasi, sohani moliyalashtirish masalalari, loyihalarning ekologik xavfsizligi, mehnat qonunchiligiga muvofiq ish tashkil qilish va gender tengligi yondashuvlarini samarali joriy etish bo‘yicha muhokamalarga asosiy e’tibor qaratildi.
Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishda zamonaviy tajribalardan keng foydalanish borasida fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Sohaga oid xalqaro tajribalarni o‘rganish maqsadida Kanada va Qirg‘izistondan malakali ekspertlar, jumladan, Elena Kreuzzberg, Narina Kydyraliyeva, Elvira Suvanova va Azamat Mamytov o‘zlarining tajriba va bilimlarini ishtirokchilarga bayon qildi.

Loyiha doirasida yil davomida o‘tkazilayotgan o‘quv-amaliy seminarlar xalqaro tajriba almashinuviga keng imkoniyat yaratib kelmoqda. Bu tadbir nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarga yechim topishga, balki yangi bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Mazkur seminar soha mutaxassislari va fermerlar uchun yangi imkoniyatlar ochib beradigan muhim platformaga aylandi.
A.Musayev, O‘zA.