Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oqsuv va Shahrixonsoy daryo havzalari haqidagi tahlillar suvni tejashga xizmat qiladi
21:02 / 2019-11-05

Toshkentda Oqsuv va Shahrixonsoy daryo havzalarining joriy holatini tahlil qilish masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etdi.


Toshkentda Oqsuv va Shahrixonsoy daryo havzalarining joriy holatini tahlil qilish masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti tomonidan tashkil etilgan tadbir yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasida suv taʼminotini yaxshilash va undan unumli foydalanishning zamonaviy usullarini amaliyotga tatbiq etishning ahamiyatini koʻrsatib berishga qaratildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 9-oktyabrdagi “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bunday saʼy-harakatlarda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Unga koʻra, bugungi kunda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularning hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda.

photo_2019-11-05_20-54-13.jpg

Shunday talablardan kelib chiqib, suv resurslaridan oqilona foydalanishda xalqaro tajriba muhim hisoblanadi. Yevropa ittifoqining moliyaviy koʻmagida “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi doirasida Fargʻona, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlarda xalqaro tajribalar muhim rol oʻynamoqda.

Bugungi kunda yurtimizda Germaniya halqaro hamkorlik jamiyati ushbu dasturning birinchi komponenti sifati “Suv xoʻjaligi va suv resurslarini mukammal boshqarish boʻyicha milliy doiraviy konsepsiyasi” doirasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

– Suv – obihayot manbai, deb bejiz aytmaydi oʻzbek xalqi, – dedi Germaniya halqaro hamkorlik jamiyatining birinchi komponent loyiha rahbari Karolina Milov xonim. – Negaki, suv yashashimiz va borliq uchun zarur. Shunday aziz neʼmatni asrab-avaylash va oqilona foydalanishga biz ham oʻz hissamizni qoʻshishdan bagʻoyat minnatdormiz. Bugun biz dastur doirasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildik. Bunda Qashqadaryo viloyatidagi Oqsuv va Andijon viloyatidagi Shahrixonsoy daryo havzalarining joriy holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruhning natijalaridan barchani xabardor etdik. Ishchi guruhda mahalliy va xorijlik mutaxassislar qatorida oʻsha hududda yashovchi vakillar ham qatnashdi. Shu bilan birga, bu jarayonga Avstriyadagi Atrof-muhit agentligi mutaxassislari oʻz hissasini qoʻshdi. Ushbu havzalar boʻyicha rejalar ishlab chiqilib, havzalar manbasi va sugʻorish imkoniyati kabi jihatlar har tomonlama oʻrganildi. Seminar-treninglar oʻtkazildi. Olingan natijalar asosida qoʻllanma oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlandi.

– Birinchi komponent oʻz oldiga qoʻygan rejalarni amalga oshirishda Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti va uning Toshkentdagi vakolatxonasi ham ilmiy va amaliy koʻmagini berdi, – dedi ushbu institutning poytaxtimizdagi vakolatxonasi katta ilmiy xodimi Oytoʻra Anorbekov. – Bugun biz olingan natijalar boʻyicha ishtirokchilarga qoʻllanmalarni taqdim etdik. Oqsuv va Shahrixonsoy daryo havzalari tahlili kelgusi rejalarda asqotadi, deb oʻylaymiz. Masalan, Oqsuv daryo havzasini oʻrganish keng miqyosda olib borildi. Bunda zamonaviy uskunalar yordamida Qarshi hududida 1978-yildan boshlab ekilgan ekinlar tarixini aniqladik. Albatta, sputnikdan olingan suratlar bizga shunday imkoniyatlarni berdi. Buni aniqlashning oʻziga xos algoritmlari bor. Bundan natija shuki, olingan suratlar oʻsha yerning suvga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi hamda bu suvdan tejab foydalanish imkonini beradi.