FOTOREPORTAJ
Tog‘ bag‘rida qish hukmron. Oppoq qor bilan qoplangan kengliklar, muzlagan yo‘llar va sukutga cho‘mgan tabiat kishini go‘yo o‘zga olamga boshlaydi. Bu yerda har bir qadam — sinov, har bir manzara esa qalbga ta’sir qiladigan alohida hikoya. Xavf bilan hayajon, sukut bilan go‘zallik bir manzarada mujassam. Bu muhit insonni shovqin-surondan uzoqlashtirib, tabiat bilan yuzma-yuz qoldiradi.
Ana shu tuyg‘ular og‘ushida bir soatlik yo‘ldan so‘ng Milliy tabiat bog‘ining Parkent tumanida joylashgan Oqsoq ota bo‘limiga yetib keldik. Bu maskan qish faslida tamoman boshqacha qiyofa kasb etadi — bu go‘zallikka qancha qarasang ham to‘ymaysan.
Bo‘lim hududida tabiat bog‘i xodimlari ushbu kun uchun belgilangan yo‘nalishlar va hududlarda jonivorlar uchun yem-xashak tarqatish rejasini tuzib oldi. Har bir harakatda mas’uliyat, har bir qarorda tajriba mujassam. Biz esa qor qoplagan hududning betakror manzaralarini tomosha qilib, bu lahzalarni fotosuratlarga muhrladik.
Oqsoq ota soyi va uning atrofidagi manzara kishi hayratini oshirmay qo‘ymaydi. Qor bilan qoplangan soy yoqalari, zilol suv hamda hududni o‘rab turgan tog‘lar bu joyga sirli ruh va betakror joziba bag‘ishlaydi. Tabiat bu maskanda o‘zining eng pok va sof holatini namoyon etgandek. Bu go‘zallikni so‘z bilan to‘liq ifodalash mushkul — uni faqat ko‘rish va his etish mumkin.
[gallery-27399]
Bog‘ xodimlari qorli va sovuq kunga qaramay, jonivorlarga yem-xashak yetkazish uchun balandliklar sari yo‘l oldi. Bu jarayonda inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat, g‘amxo‘rlik va mas’uliyat yaqqol namoyon bo‘ladi.
Oqsoq ota bag‘ridagi qishki sayohat qalbimizdan chuqur joy egallab, betakror taassurotlarni suratlarda abadiy muhrlash imkonini berdi.
Kamola YUSUPOVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA