Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida taniqli jurnalist, “Oqqo‘rg‘on ovozi” gazetasi muharriri Abdulla Ma’diyevning 75 yoshga to‘lishi munosabati bilan ijodiy kecha o‘tkazildi. Unda ustoz jurnalistning do‘stlari, yaqinlari, shogirdlari, viloyat, tuman va shaharlardagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar, qo‘shni respublikadan kelgan mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, yoshi ulug‘larning hurmatini joyiga qo‘yish, salomatligini mustahkamlash, ularning tajribalaridan samarali foydalanish, yubiley yoshini nishonlayotgan faxriylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Qayd etganidek, Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Abdulla Ma’diyev mehnat faoliyatini 1966 yil xo‘jalik boshqaruvi kotibligidan boshlagan bo‘lsa, bir necha yillar mobaynida mahalliy boshqaruv tizimining turli bo‘g‘inlarida ishlagan. 1988 yildan “Oqqo‘rg‘on ovozi” gazetasiga ishga o‘tib, roppa-rosa 35 yildan buyon tahririyatga rahbarlik qilib kelmoqda.
Ijodiy kechada Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Alisher Karimjonov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi vakili Narimon Dadaboyev va boshqalar tabarruk yoshni qarshilagan A.Ma’diyevning hayoti va ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritib, ustozga uzoq umr, sihat-salomatlik, ijodiy quvvat tiladi.
Muxtasar aytganda, ijodiy kecha samimiy tabrik va qutlovlarga boy bo‘ldi. Abdulla Ma’diyev she’rlari asosida san’atkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
O‘zA