French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida mahallalar obod bo‘lyapti
17:26 / 2023-02-24

Shu kunlarda respublika ishchi guruhi tomonidan “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida Toshkent viloyati hududlaridagi eng og‘ir mahallalar tanlab olinib, aholining muammolari “xonadonbay” o‘rganilmoqda.

Boshlangan “Obodonlashtirish haftaligi” davomida bahorgi dala ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilyapti. Har bir ko‘cha va mahallalar, qabristonlar obodonlashtirilmoqda. Aslida azaldan xalqimiz obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratgan. Chunki, pokizalik bo‘lgan joyda doim fayz-baraka bo‘ladi. Albatta, hasharda hamjihatlik va birdamlikning o‘rni katta. Mahallalarda boshlangan bu ishlarga faol yoshlar ham birinchilardan qo‘shilyapti.  

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi Angren shahar bo‘limi rahbari Azizbek Parpiyev boshchiligida yoshlar yetakchilari “Gulzor” mahallasida obodonlashtirish ishlarida tashabbus ko‘rsatdi. Unda mahallaning Oxunboboyev nomli ko‘chasida ariq-zovurlar, mavjud gulxonalar chiqindilardan tozalanib, tartibga keltirildi. Mahalla yo‘llari tekislanib, tashlandiq yotgan maydon obod qilindi.  

Piskent tumanida ham bu boradagi ishlar jadallashgan. Xususan, 1-sektor hududidagi “Bekobod” mahallasidagi aholi xonadonlari uyma-uy o‘rganildi. 511 ta xonadonda yashovchi aholining 180 dan ortiq muammolari borligi aniqlandi. Avvalo, mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida ikkita loyiha belgilangan edi. Yangi ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, elektr ta’minotini yaxshilash, yangi beton ustunlar o‘rnatish ehtiyoji borligi uchun ularga birinchi navbatda zarur mablag‘ ajratilmoqda. Yuqori Chirchiq tumani "Uchchinor" mahalla fuqarolari yig‘inida Respublika ishchi guruh vakillari ishtirokida hudud deputatlari, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va biriktirilgan vakillar ishtirokida xatlov jarayoni amalga oshirilmoqda.  

Maqsad aholi muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish, notinch oilalar bilan muntazam ishlash hamda mahalla, qabristonlarning tozaligi, obodonligini yaxshilashga ko‘mak berishdir. Birinchi galda ichimlik suvi inshootlarini ta’mirlash, transheya qazish va suv quvurlarini o‘tkazish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.  

Umuman olganda bu boradagi sa’y-harakatlar Toshkent viloyatining barcha joylarida uyushqoqlik bilan davom etyapti. Shu bilan birga, bahor nafasi kezib yurgan shu kunlarda aholi kayfiyatini ko‘tarish uchun mahallalarda sumalak va shu kabi turli ko‘klam taomlari pishirilyapti, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.  

A.Musayev, O‘zA