Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oqqo‘rg‘on tajribasi – amalda
12:55 / 2022-12-17

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani tajribasi asosida aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar o‘rganilmoqda.

Viloyatning barcha sektor rahbarlari va ularning ishchi guruhi, tuman hududidagi ijtimoiy ob’ektlar va mahallalarda uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishgan holda aholini qiynab kelayotgan muammolar xatlovga olindi.  

Mazkur jarayonda 4-sektor ishchi guruhi ham jami 7 ming 980 ta xonadonlarda bo‘lib uy egalarining sharoiti bilan tanishgan holda ularni qiynab kelayotgan jami 978 ta muammolarni xatlovga olgan holda ushbu masalalarni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.  

Xatlov natijalariga ko‘ra, 184 ta xonadondan ko‘mir, 168 ta xonadondan bandlik, 133 ta xonadondan moddiy yordam, 137 ta xonadondan sog‘liqni saqlash, 51 ta xonadondan bank krediti, 47 ta xonadondan uy-joy bilan bog‘liq, 15 ta xonadondan kadastr, 13 ta xonadondan suyultirilgan gaz, 230 ta xonadondan boshqa turli muammolar kelib tushgan.  

Ushbu jarayonda asosiy e’tibor og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz, surunkali kasalliklarga chalingan va nogiron, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni qiynayotgan masalalar zudlik bilan hal etilyapti.  

Shofirkon tumanining “Xorkash” mahallasida yashovchi 57 yoshli Nodira Shomuroda xatlov jarayonida ishchi guruhga sog‘ligini yaxshilashga va zarur dori-darmonlarni xarid qilishga amaliy yordam so‘ragan edi. E’tiborlisi, uning masalasi uzoqqa cho‘zilmay hal etildi.  

– Murojaatim ijobiy hal etilganidan xursandman, – deydi Nodira Shomurodava. – Sog‘ligimni tiklash uchun menga amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.    

Ishchi guruhi shu kuni mazkur mahallaning “Kamolot” ko‘chasida yashovchi Zilola Po‘latovaning ham xuddi shu masaladagi muammosini joyida hal qilib berdi. Xatlov o‘tkazilgan kunlarda shu yerlik 5 ta xonadonga oziq-ovqat masalasida ko‘mak zarurligi aniqlangani bois, bu ishlar ham kechiktirilmay amalga oshirildi. Ushbu oilalarning 2 nafar ishsiz a’zolari esa doimiy ishga joylashtirildi.  

Ishchi guruhi aholiga qishning sovuq kunlaridan betalafot o‘tib olishlari va xonadonlarini isitishga ko‘maklashish maqsadida shu kungacha 100 dan ortiq xonadonlarga bepul ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi.  

Jumladan, Yuksalish va “Novaboshi” qishlog‘ida yashovchi Xolnazarovlar hamda Halimovlar  oilasi uyini isitish maqsadida ko‘mir olishga qiynalganligi bois zudlik bilan ularga ko‘mir mahsuloti yetkazib berildi. Ishchi guruhi tumanning “Alisher Navoiy” mahallasida yashovchi Sayfullo Ibragimov va uning xotini Sarvinoz Karimovalar bilan suhbatlashdi. Ularga birinchilar qatorida ko‘mak berish chora-tadbirlari boshlab yubordi. Buning uchun Sayfullo Ibragimovning nogironligi va turmush o‘rtog‘ining yosh bolali ekanligi inobatga olingan holda ularga uyda turib daromad topishlari uchun 1 bosh sigir va 20 dona tovuq keltirib beriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, uy bekasi tikuvchilikka o‘rgatiladi va unga zamonaviy tikuv mashinasi beriladi.  

Aytib o‘tish kerak, ayni paytda xatlov jarayonida aniqlangan muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan aniq va manzilli ishlar  davom etyapti.  

Bir so‘z bilan aytganda, Shofirkon tumanida amalga oshirilayotgan ushbu yangicha tajriba orqali aholining og‘irini yengil qilish, ayniqsa, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash, ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA