French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oqova suvlarni tozalash inshooti faoliyati ko‘zdan kechirildi
20:30 / 2025-05-15

Xabar berganimizdek, Samarqand shahrida “O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv xizmatlari barqarorligini oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya davom etmoqda.

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jahon banki va Shveysariya hukumati ko‘magida tashkil etilgan anjumanda bugun suv tozalash jarayonlaridagi texnologik yutuqlar, oqova suvlarni tozalash va qayta foydalanish masalalar muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha yirik kompaniyalar taqdimotlari o‘tkazildi hamda hududlar tajribasi o‘rganildi.

– “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida O‘zbekiston suv ta’minoti korxonalari xodimlari, operator va muhandislari malakasini oshirish, ularga zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘rgatish borasida ish olib boryapmiz, – deydi Koreya respublikasi suv resurslari korporatsiyasi bosh menejeri Kim Yon Yong. – O‘zbekistonlik mutaxassislarni Koreyaga taklif etib, malaka oshirishlariga imkoniyat yaratganmiz. Bundan tashqari, yurtingizdagi suv inshootlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘rganishlar olib borib, o‘z taklif va tavsiyalarimizni bildiryapmiz. Umumiy qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etadigan loyiha Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Samarqanddagi konferensiya davomida loyiha doirasida kelgusi vazifalarimizni belgilab oldik.

[gallery-23368]

Bugungi mashg‘ulotlarning amaliy qismida ishtirokchilar Samarqand tumanining Zaxlik mahallasida joylashgan, “Samarqand suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli oqova suvlarni tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdi. 

Inshoot rahbari Rinat Tagirovning ta’kidlashicha, mazkur inshoot qurilishi 1964 yilda boshlanib, 1967 yilda foydalanishga topshirilgan. Inshootda so‘nggi rekonstruksiya ishlari 2016-2021 yillarda amalga oshirilgan bo‘lib, jarayon Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan. 

Ayni paytda mazkur inshoot bir kecha-kunduzda 140 ming kub oqova suvni qayta ishlash quvvatiga ega. Umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etayotgan korxonada 63 nafar xodim mehnat qilmoqda. Tozalangan oqova suvlarning samaradorlik darajasi 85 foizni tashkil etadi. 

Konferensiya ishtirokchilari inshootda oqova suvlarni qabul qilishdan to suv havzalariga chiqarishgacha bo‘lgan jarayon, foydalanilayotgan texnologiyalarga alohida e’tibor qaratishdi. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari