Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oqova suv tizimi yanada yaxshilanadi
15:09 / 2022-11-02

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida “O‘zsuvta’minot” AJ va Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Sewerage Services” (ADSSC) kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Memorandumni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov va “Abu Dhabi Sewerage Services” bosh ijrochi direktori Ahmed Al-Shamsi imzoladi. Unga ko‘ra, “Toshkent shahrining oqova suv tizimini yaxshilash” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani “Surum” MFY hududida kunlik quvvati 1 million metr kubdan ziyod bo‘lgan zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi. Bu 3-oqova suv nasos stansiyasi, “Bektemir” va “Binokor” oqova suv tozalash inshootlariga kelayotgan oqova suvlarni o‘zi oqar tarzda inshootga qabul qilish imkoniyatini beradi. Natijada bir kecha kunduzda 55,4 kVt elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.  

Yangi oqova suv inshootining birinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi. E’tiborli jihati loyihaning amalga oshirilishi ushbu tumanlardagi sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatning yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

“Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasi 2005 yilda Abu-Dabi amirligidagi barcha turar-joy va aholi punktlaridan oqova suvlarni yig‘ish va tozalash, shuningdek, xo‘jaliklarning qattiq va suyuq maishiy chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilish maqsadida tashkil etilgan.  

Nilufar Bozorova,

O‘zA