Bugungi kunda shahar va tumanlarimizning ravnaqi, aholi farovonligi, avvalo, mustahkam infratuzilmaga bog‘liq. Oxirgi yillarda Xorazm viloyatida ham keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida hududlar infratuzilmasi yaxshilanmoqda.
Jumladan, kanalizatsiya tizimlarining yangilanishi tozalik va ekologik xavfsizlikning eng muhim kafolatidir.
Ayni kunlarda Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi "Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida "Xorazm viloyatining kanaliziya tizimini rekonstruksiya qilish va qurilish"loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan "Xorazm viloyatining kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish"loyihasi doirasida Urganch shahrida oqova suv tarmoqlarini bunyod etish ishlari olib borilmoqda.
[gallery-26680]
– Urganch shahrida bugungi kunda 111 kilometr oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi "Xorazmsuvtaminoti" AJ direktorining investitsiya va qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Farrux Abdullayev. – Xitoylik pudratchi tashkilot tomonidan shaharda puxta tuzilgan rejaga asosan ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida Urganch shahrining oqova suv tizimi bilan ta’minlanganlik darajasi 50 foizdan 75 foizga yetadi.
Ma’lumot o‘rnida: hozir Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 150 million dollar qiymatidagi 2 ta loyihasi doirasida viloyatning ichimlik suv va kanalizatsiya tizimlarida rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, natijada 61 ta mahalladagi 540 ming nafar aholi oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari