Qish — sinovli mavsum. Unga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik aholining turmush sifatini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Demak, bu jarayonda hech bir sohada beparvolikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Xalq deputatlari Oqoltin tuman Kengashining o‘n oltinchi sessiyasida aynan shu masala kun tartibiga qo‘yildi. Yig‘ilishda tuman mutasaddilari, xizmat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada ta’kidlab o‘tilganidek, elektr ta’minoti yo‘nalishida 55,5 kilometr havo tarmoqlari va 30 ta transformator mukammal ta’mirlandi. Shu bilan birga, 9,4 kilometr elektr tarmoqlari yangilanib, 250 ta ustun va 6 ta transformator zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilindi.

Suv ta’minoti bo‘yicha Ahillik, Bo‘ston, Yangi hayot, Andijon va Ko‘rkam diyor mahallalarida energiya tejavchi nasoslar o‘rnatilib, ichimlik suvi bosimi oshirildi. Gaz sohasida esa 8,2 kilometr quvurlar tozalandi, 29 ta gaz taqsimlash punkti ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shuningdek, uy-joy kommunal xizmatlari sohasida 9 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, 60 ta uyda servis xizmatlari amalga oshirildi.

Sessiyada deputatlar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan birga, mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, Prezidentning 2025 yil 6 martdagi qarori ijrosi, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim tizimida shaffoflik va adolatni ta’minlash masalalarini ham atroflicha muhokama qilishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA