Sirdaryo viloyat aholisiga, qolaversa, viloyatning Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tuman hududlaridan o‘tuvchi Termiz-Toshkent, Nukus-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab, M-39 katta magistral yo‘lda harakatlanayotgan, avtotransport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilariga shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish, ular salomatliklarini saqlab qolish maqsadida Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasida tumanlararo qo‘shma shikastlanish markazi ish boshladi.
Bu markazni ochilishiga, bir qancha sabab bor. Birinchidan, qo‘shma shikastlanish bois shoshilinch, tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda birmuncha muammolarni keltirib chiqarayotgan bo‘lsa, ikkinchidan shoshilinch, tez tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari Guliston shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaz Sirdaryo viloyat filiali va boshqa davolash muassasalarida amalga oshirilib, masofa olis, ko‘p vaqt yo‘lda ketib qolar edi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyulidagi "Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroridan so‘ng, bu masalaga oqilona yechim topildi. Sirdaryo viloyatini ikkita tumanida, ya’ni Oqoltin va Sirdaryo tumanlarida tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan kasallangan bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini ishga tushirish borasidagi ishlar boshlab yuborildi.
Olib borilgan sa’y-harakatlar sabab, viloyatning Oqoltin tumanida qo‘shma shikastlanish markazi ish faoliyatini boshlagan bo‘lsa, xuddi shunga o‘xshash markaz faoliyati 2022 yilda Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasida yo‘lga qo‘yiladi .
Bu esa qo‘shma shikastlanish bilan kasallangan, shoshilinch tez tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lgan bemorlarni sog‘liqlarini tiklash, umrlarini uzaytirish imkonini beradi. Xullas, vaqt yo‘qotilmaydi. Tez tibbiy yordam ishlari, kasallikka chalingan bemorlarni davolash, diagnostika qilish ishlari shu joyning o‘zida bajariladi.
- Yangi tashkil etilgan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar markazini afzallik tomoni nihoyatda ko‘p, - deydi Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori G‘ofur Abduraimov, - Bu bo‘limda qo‘shma shikastlangan bemorlarga, bosh miya qon aylanish tizimini buzilishi, insult, o‘t tosh, o‘tkir toshli xoletsistit, churra, tuxumdon kistasi va boshqa kasalliklar bilan kasallangan bemorlarga jarrohlik va boshqa davolash usullarida rejali va tez shoshilinch xizmat ko‘rsatiladi. Markazda malakali mutaxassislar ya’ni neyroxirurg, nevrolog, anesteziolog-reanimatolog, va boshqa tor soha mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
"O‘zbekistonda koronavirus KOVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish" loyihasi doirasida 34 turdagi eng so‘ngi rusumdagi tibbiy texnika va tibbiy buyumlarni ayrimlari keltirilgan bo‘lsa, yaqin kunlarda qolganlari ham keltirilib, o‘rnatiladi.
Yaqin oylarda Oqoltinda keltirilishi ko‘zda tutilayotgan tibbiy texnika jihozlari hisobiga qo‘shma shikastlanish va qon tomir kasalliklari markazida 5 o‘rinli gemodializ, endovaskulyar xirurgiya bo‘limi ham ish boshlaydi.
Hozir tuman tibbiyot birlashmasining 2 nafar shifokori MSKT, 1 nafar shifokori angiografiya, 2 nafar shifokori gemodializ, 2 nafar laborant shu yo‘nalishda Toshkentda malaka oshirishyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu markaz faoliyati tula-to‘kis Sirdaryoda yo‘lga qo‘yilgach, ko‘plab yechim talab muammolarni oldi olinib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati yanada oshadi.
Furqat TOSHMATOV (surat), Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.