Oxirgi yillarda eng ko‘p o‘zgarishlar ro‘y berayotgan yo‘nalish bu ta’lim sohasidir. bugungi kunda respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 170 taga yetib, xorijiy universitetlarning filiallari soni esa 31 tani tashkil qiladi. Abituriyentlarga esa o‘qishga kirish uchun 5 ta mahalliy universitetni tanlash imkoniyati berilib, ta’limning kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllaridan birida o‘qishni davom ettirish sharoitlari yaratildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari ortib, oliy ma’lumotli, ilmiy salohiyatli pedagog-kadrlarga ehtiyoj sezildi.
Sir emas, ko‘pgina hashar va jamoaviy ishlarga ta’lim muassasasi ustozlari, o‘qituvchilar jalb etilar, dars berish sifati ham so‘roq ostida qolayotgan edi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 52-moddasida avvalgi qonun hujjatlarida mavjud bo‘lmagan o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, qo‘shimcha ravishda: «Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi», degan band ham ilova qilingan. Konstitutsiyaning yangi tahriri O‘zbekistonning ta’lim tizimi, xususan, oliy ta’limda faoliyat yurituvchi professor-ustozlar, o‘qituvchilarning ma’naviy-jismoniy himoyasi yo‘lida tashlangan samarali qadam bo‘lib xizmat qiladi. Buning ortidan mehnat bozorida talab katta bo‘lgan yuqori malakali kadrlar yetishtirishga zamin yaratiladi.
Hulkar MIRZAHMEDOVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
kafedra mudiri, dotsent