Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi O.Ibragimov Sayxunobod tuman 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabda 2022-yildan buyon matematika fani o‘qituvchisi vazifasida ishlab kelmoqda.
Fuqaro O.Ibragimov ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan 13-sonli umumiy o‘rta maktabida ta’lim berish uchun boshqa hududdan o‘qituvchi-pedagog sifatida jalb etilgan bo‘lsa-da, tuman hokimligi tomonidan unga uy-joyi uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berilmagan.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro O.Ibragimovning ijara to‘lovlari uchun har oylik kompensatsiya pullari to‘lab berilmayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. Aniqlanishicha, Sayxunobod tumanidagi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2022-yilda tasdiqlangan ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktyabrdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan “Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 26-bandida 2-yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi berilishini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.
Shunga asosan Adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan ushbu qonun buzilish holatini bartaraf etish yuzasidan Sayxunobod tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi. Natijada Xalq deputatlari Sayxunobod tuman Kengashining qarori bilan tuman hokimining tegishli farmoyishi qabul qilindi hamda adliya aralashuvi bilan xodimning huquqlari tiklanib, ijara to‘lovlari uchun 12 120 000 so‘m miqdorida kompensatsiya pullari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri.