Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchilik sharafli kasb
11:16 / 2023-10-07

Insonning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishida o‘qituvchi, murabbiyning o‘rni beqiyos. Muallim nafaqat bolada bilimga ishtiyoq uyg‘otadi, balki uning iste’dodi, qobiliyatini ham kashf etadi. Zamonaviy texnologiya qanchalik rivojlanmasin, jonli muloqotning o‘rnini bosa olmaydi. Bilimni singdirishda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi ijodiy faoliyat juda muhim. Demak, ta’lim va tarbiyada murabbiyning roli hal qiluvchi omil bo‘lib qolaveradi.

Shu bois ham butun dunyo bo‘ylab ustoz va murabbiylar doimo e’tibor va e’zozda. 1994 yildan buyon har yili 5 oktyabr Jahon o‘qituvchilari kuni sifatida keng nishonlanadi. 

Bu sana Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va YUNESKO tomonidan 1966 yil 5 oktyabr kuni “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi tavsiyanoma qabul qilingani bilan bog‘liq. Hujjatda pedagoglar huquqi va majburiyati, ularni tayyorlash, malakalarini oshirish, ishga olish va mehnat sharoiti bilan ta’minlashga oid xalqaro standartga oid qoidalar belgilangan. 1997 yil YUNESKO Bosh konferensiyasida mazkur normaga qo‘shimcha ravishda Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlari maqomi to‘g‘risida tavsiya qabul qilindi. 

Jahon o‘qituvchilar kunini nishonlash o‘qituvchilarga o‘z iste’dodini kashf etish va kasb mahoratini oshirishda ko‘maklashish zarurligini bildirish uchun qo‘shimcha imkoniyatdir.

Sana munosabati bilan butun dunyoda turli tadbirlar o‘tkaziladi. Har yili Jahon o‘qituvchilari kuni munosabati bilan ma’lum bir mavzu tanlanadi. Joriy yilgi tadbirlar “Sifatli ta’lim uchun o‘qituvchilar: o‘qituvchi yetishmovchiligiga qarshi kurashish uchun global ehtiyoj” shiori ostida o‘tmoqda. Kun tartibidagi asosiy masala – O‘qituvchilar soni qisqarishini qanday to‘xtatish mumkin, dunyo bo‘ylab odamlarni o‘qituvchilik kasbiga jalb qilish uchun qanday choralar ko‘rish kerak? 

O‘qituvchi nufuzini oshirish, uning qadr-qimmatini yanada ko‘tarish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlarda muammolar tahlil qilinib, insonlarda ushbu kasbga nisbatan mehr uyg‘otish, ularni rag‘batlantirish usullari tahlil qilinadi. Shuningdek, jamiyat va oila darajasida o‘qituvchilarni e’tirof etish va faol qo‘llab-quvvatlash yo‘llari ko‘rib chiqiladi. 

YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib umumiy boshlang‘ich ta’lim maqsadiga erishish uchun qo‘shimcha 69 million o‘qituvchi kerak bo‘ladi. Bu muammo Sahroi Kabirdan Janubiy Afrikagacha eng dolzarb hisoblanadi. 

2030 yilga borib umumiy asosiy ta’limga erishish uchun qo‘shimcha 24,4 million boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va 44,4 millionga yaqin o‘rta maktab o‘qituvchisiga ehtiyoj bo‘ladi. 

So‘nggi bir necha yil ichida dunyoda ro‘y bergan global o‘zgarishlar – sanitariya inqirozi, mojaro va zo‘ravonlik, ijtimoiy tengsizlik, demografik o‘zgarish, raqamlashtirish va atrof-muhit degradatsiyasi xalqaro hamjamiyatni ta’lim kelajagi haqida o‘ylashga majbur qilmoqda. 

Birgina misol: COVID-19 pandemiyasi o‘qituvchi ta’lim tizimini harakatlantiruvchi kuch ekanini ko‘rsatdi. Ularsiz inklyuziv va sifatli ta’lim berishning iloji yo‘q. Aksariyat muallimlar, xususan, onlayn va masofaviy ta’lim bilan bog‘liq jarayonni qayta tashkil etish va moslashtirish, shuningdek, talabalar va ularning oila a’zolari moddiy xavfsizligini ta’minlash, ularga ijtimoiy-ma’naviy va psixologik yordam ko‘rsatishda ishtirok etishi kerak edi.

YUNESKO ta’lim jamiyatni o‘zgartirishda doim muhim o‘rin tutganini, shuning uchun barqaror kelajak yaratish uchun ta’limning o‘zini o‘zgartirish kerakligini ta’kidlaydi.

BMT esa bugungi kunda ta’lim tizimi ham notinch jarayonni boshidan kechirayotganini aytadi. Dunyodagi bolalarning 90 foizdan ko‘pi COVID-19 pandemiyasi tufayli ta’lim olishni to‘xtatdi. Bu soha tarixidagi eng katta uzilish. Ta’lim tizimi ko‘proq o‘quvchiga yo‘naltirilgan, texnologiyaga asoslangan, dinamik, inklyuziv, hamkorlik va ijod qilish uchun o‘zgaruvchan ko‘nikmaga moslashishi kerak.

Tashkilot an’anaviy ta’lim tizimidan chetda qolganlar uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmaga, o‘z malakasini oshirish imkoniga ega bo‘lishi uchun muqobil variantlar ishlab chiqishga chaqiradi.

Qolaversa, o‘qituvchini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida YUNESKO – Hamdan mukofotini joriy etgan. 2030 yilgacha barcha uchun sifatli ta’limni ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida o‘qitish va ta’lim sifatini oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2008 yil ta’sis etilgan mazkur sovrin har ikki yilda bir marta Birlashgan Arab Amirliklaridagi Hamdan bin Rashid Al Maktum jamg‘armasi ko‘magida ajoyib akademik yutuqlar uchun beriladi. 

Mukofot qiymati 300 ming dollarga teng bo‘lib, loyihalari butun dunyo bo‘ylab o‘qituvchi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan uch nafar g‘olib o‘rtasida taqsimlanadi. Ular pedagogika sohasida katta tajriba va bilimga ega besh nafar mutaxassisdan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan saralanadi.

Mamlakatimizda ham har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli bayram tadbirlari tashkil etilib, o‘qituvchi, murabbiylarni taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan. Har yili davlatimiz rahbarining maxsus farmoni bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan ko‘plab o‘qituvchi va murabbiylar yuksak davlat mukofotlar bilan taqdirlanadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA