Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchilar salomatligi doimiy e’tiborda
15:02 / 2023-07-21

Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylar qadr-qimmatini ko‘tarish mamlakatimiz rahbari tomonidan davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Muallimlarga munosib shart-sharoitlar yaratish, mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” ham Prezidentimizning o‘qituvchi va murabbiylar hurmat-e’tiborini oshirish, sharafli mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilayotgan e’tibor ifodasidir.  

Mazkur oylik Namangan viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida qizg‘in olib borilmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi birlamchi tibbiy-sanitariya yordam bo‘yicha bosh mutaxassisi Barchinoy Ahmedovaning qayd etishicha, ta’lim tizimi xodimlari orasidan tibbiy ko‘rikka ehtiyoji borlar ro‘yxati shakllantirildi.  

Aksiya doirasida hozirga qadar 43 mingga yaqin o‘qituvchi, 22 mingdan ortiq tarbiyachi, jami 65 ming 304 pedagogning 27 ming 150 nafari profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Betobligi bor o‘qituvchi va murabbiylarning ambulator, kunduzgi yoki uy shifoxonalarida muolaja olishga tavsiya qilinganlari ambulator-klinika muassasasida mavjud dori-darmonlardan bepul foydalanmoqda.  

– Tumanimizda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan 3 ming 351 o‘qituvchi va murabbiyning 559 nafarida kasalliklar aniqlanib, tarmoq rejasi asosida davolash choralari ko‘rildi, – deydi Uychi tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi bosh vrachi Ahmadjon Dadaboyev. – Ayni kezgacha 493 pedagog sog‘lomlashtirildi. Uychidagi 7 oilaviy poliklinika, 6 oilaviy shifoxona, 21 nafarlik patronaj brigadasi faol jalb etilgan. Ular tibbiy ko‘rikka ehtiyoji bor o‘qituvchi va murabbiylar ro‘yxatini shakllantirishda ko‘maklashibgina qolmay, ro‘yxatga kiritilgan ustozlarni markaziy poliklinikada bo‘layotgan ko‘rikka jalb qilish bilan tarmoq rejasidagi kunlik ko‘rsatkichlar bajarilishida ham yelkadosh bo‘lmoqda.  

Tibbiy ko‘riklar yakunida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi. Yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika sog‘liqni saqlash muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar beriladi.  

– Prezidentimiz o‘qituvchi va tarbiyachilarning yo‘qotilgan obro‘si, qadr-qimmatini tikladi. Bundan ko‘nglimiz va ongimizni yangicha ruh, ko‘tarinkilik, Uchinchi Renessans poydevorini yaratuvchilarni kamol toptirishga ishonch va mas’uliyat hissi egalladi, – deydi Uychi tumanidagi 31-sonli umumta’lim maktabining oliy toifali o‘qituvchisi, Xalq ta’limi a’lochisi Mahfura Rahmatchayeva. – “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi ta’lim-tarbiya xodimlariga ma’naviy va moddiy g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Eshitishimcha, Namangan viloyatida 42 ming 703 nafar o‘qituvchi, 22 ming 601 tarbiyachi tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazilyapti. Holbuki, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik narxi 90 ming so‘mligini hisobga olsak, 65 ming 304 nafar pedagog 5 milliard 877 million 360 ming so‘m to‘lashi kerak edi. Avvalgi yillarda ko‘rik to‘lovlarni o‘zimiz to‘lardik. Bugungi kunda yaratilayotgan sharoitlardan ilhomlanib butun kuchimizni kelajak avlodning sifatli ta’limiga sarflashga bel bog‘lashimiz lozim.  

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA.