Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘qituvchilar o‘rtasidagi raqobat tufayli bir ko‘zimdan ayrilganman” – Har yili o‘nlab o‘quvchisi OTMga kirayotgan yigit
08:00 / 2022-02-10

O‘zA “Hayotiy hikoyalar” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Bu loyihada insonlar hayotida ro‘y bergan real voqealar chop etib boriladi. Dastlabki hikoya bitta ko‘z bilan o‘qituvchilik qilayotgan yigit haqida.

Buni qarangki, bir ko‘z bilan ta’lim berayotgan o‘qituvchining har yili o‘nlab o‘quvchisi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinadi.Suhbatdoshimiz iltimosiga ko‘ra, uning ismini oshkor etmagan holda hikoyani taqdim etamiz.

 “Yoshim 25 da, o‘quv markazida tarixdan repetitorlik qilayotganimga 6 yil bo‘lyapti. Qo‘shimchasiga maktabda ham dars beraman. Bugun sizlarga boshimdan o‘tkazgan bir voqeani aytib bersam, bunday bo‘lishi mumkin emas, deysiz... 

 Oilada to‘ng‘ich farzand edim. 2015 yil kollejni tamomlab, universitetga hujjat topshirdim. O‘quv markazida yaxshi tayyorlangan, hatto yuqori ball to‘plagan bo‘lsam ham, kirolmadim. U paytlar 1 avgustdagi imtihon naqadar “shaffof” o‘tishini aytishim shart emasdir. O‘shanda o‘qishdan yiqilganlar oldida 2 ta yo‘l qolardi: yo kirmaguncha qayta-qayta urinish, yoki tirikchilik vajidan boshqa yo‘l qidirish. 

 Men birinchi yo‘lni tanladim. Oxirgi marta urinib ko‘rishga qaror qildim. O‘sha yili dekabrgacha o‘qishga hafsalam bo‘lmadi. Fevraldan yana o‘quv markaziga qatnay boshladim, ammo kutilmaganda... May oyiga borib oilaviy ahvolimiz qiyinlashib qoldi (qishloqda yashardik), chunki daromad kam, turmushimiz og‘ir edi. 

 Onam kunlik mavsumiy ishlarda ishlar, mendan boshqa farzandlarning ham bo‘yi yetib qolgandi. Hatto singlim ham mavsumiy ishlarda ishlab, onamga yordam berardi. Ular o‘quv markazidagi qo‘shimcha darslar-u xarajatim uchun pul topib berishayotgandi. Ko‘ra-bila turib, ularga og‘irlik qilishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Uydagilarga biroz yengil bo‘ladi deb, uchinchi fandan qo‘shimcha darslarni to‘xtatdim (u paytlar 3 ta fandan test bo‘lishini bilasiz). O‘shanda o‘qishdan bir necha bor yiqilgan, hayotning achchig‘ini yoshiga nisbatan ko‘proq totgan bir qiz: “Keyin afsus qilasan, uchinchi fanni tashlama, bu pand beradi”, degandi. 

 Oradan ozroq vaqt o‘tib, o‘sha qiz bilan yana ko‘rishdik. Unda vaziyat boshqacha edi. Men talaba bo‘lib, yuqori ball bilan universitetga o‘qishga kirgandim. Maqtanish emas, o‘quv markazida eng kuchli o‘quvchi bo‘ldim. O‘zimga ishonchim juda baland edi. O‘qishga kirgach ham qalbimdagi mana shu ishonch va mag‘rurlik hissi alangalab boraverdi. Universitetda ham eng ilg‘or talabaga aylandim. 2017 yil ikkinchi bosqichga o‘tganimda o‘zim o‘qigan o‘quv markazi meni ishga taklif qildi. Shunday qilib, 19 yoshimdan markazda repetitorlik qila boshladim. Shogirdlarim yaxshi natija ko‘rsata boshlashdi. 

Ammo, ana shunday kunlarning birida hayotimda katta burilish yasagan voqea sodir bo‘ldi. 

 Dars berib, xarajatlarimga uch-to‘rt so‘m pul topayotgan paytlarim edi. Afsuski, o‘quv markazidagi o‘qituvchi-repetitorlar orasida zimdan raqobat ketardi. Ular o‘quvchilarining qanday natija ko‘rsatishi bo‘yicha qattiq bahslashardi. Abituriyentligimda menga dars bergan ustozim markazdagi bir o‘qituvchi bilan qattiq bahslashib qoldi. Tabiiyki, mag‘rurligim meni ham bu bahsga chorladi. Keyinchalik bu raqobat o‘quv markazidan hayotimizga ham ko‘chdi. 

 Bellashayotgan ustozlar o‘z o‘quvchilari bilan o‘zaro jamoa tuzib, futbol o‘ynashga kelishishdi. O‘yin har hafta o‘ynaladigan odatga aylandi. Bora-bora nafaqat bilimda, balki futbolda ham yutqazish har ikkala tomonga alamli tuyula boshladi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, yutqazmaslik uchun hatto tashqaridan begona o‘yinchilar yollaydigan bo‘ldik. Raqobat o‘ta nosog‘lom tus ola bordi, shunda insoniylik ham chetga surildi go‘yo. Qaysidir o‘yinda chetdan olib kelingan o‘yinchilardan biri to‘pga sakrayotib, tirsagi bilan ko‘zimga urib yubordi. Tabiiyki, buni qasddan qilmadim, deb uzr so‘radi, ammo kech bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay menga ko‘z shox pardasida qattiq ko‘chish tashxisi qo‘yildi. 

 Alam qilgani shuki, biz yutqazsak, keyingi safar yutishni o‘ylab kelardik, lekin bu gal unday emasdi. Kamina hayotning bu o‘tkinchi o‘yinida alamli mag‘lubiyatga uchragandi, chunki shundan so‘ng bir ko‘zim butunlay ko‘rmaydigan bo‘lib qoldi... 

 Hozir bitta ko‘zim ko‘rmasligi atrofdagilarga bilinmaydi. Chetdan qaraganda sog‘ ko‘zdan farqi yo‘q. Ammo u faqat yorug‘likni arang sezadi. Shifokorlar donor topilsa, butun ko‘zni almashtirish mumkin deyishyapti. Yaqinlarimga bir ko‘zim ko‘rmay qolganini sezdirganimcha yo‘q. Axir onam eshitsa... 

 Bu voqeadan sog‘likning – hayotning qadrini ko‘proq tushuna boshladim. Oldingidan ko‘ra ko‘proq o‘qishga harakat qilyapman, ammo bunda ko‘proq Haq yo‘lida yurish, iymonni mustahkamlashga yuzlanish kerakligini tushundim. Bir ko‘zim ishlamagani holda birinchi yili 12 nafar, keyingi yili esa 18 nafar o‘quvchim oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi. Men kirishni istagan, ammo kirolmagan joylarga. Nasib etsa, bu yil 30 ta o‘quvchim natija ko‘rsatsa, keyingi yil undan oshadi, deb maqsad qilyapman. Hozir rejalarim o‘zgaryapti, maqsadlar kattalashyapti. Bu yil magistraturaga ham hujjat topshirish niyatidaman. 

 Odam vaqti kelib, bilib-bilmay o‘tkinchi havaslarga, dunyoning behuda o‘yinlariga qo‘shilib qolarkan-u, bexosdan bir dard uchrab, hozirgacha o‘tgan umrni tahlil qilarkan. O‘sha voqeadan keyin qalbimda katta faryod isyon qildi, asta-sekin bu alamlar bosildi. Bundan battar bo‘lishi mumkin edimi, deb ko‘p o‘ylayman. Lekin, seni hozir birov yetaklamayapti. Birovga qaram emassan. O‘zingni eplaysan. Kimdandir orqada bo‘lishing mumkin, ammo kimlardandir oldindasan, deb o‘zimga taskin beraman. Vaholanki, ikki ko‘zdan judo bo‘lsam ham kunim o‘tardi. Faqat unda kimgadir qaram bo‘lib qolardim, kimdir yetaklab yurardi. 

 Tananing qaysi a’zosi bo‘lmasin, hammasi ham sog‘ligida boshqa gap ekan. Shu sabab tengdoshlarimga aytadiganim, ko‘zingiz ochilishi uchun yumilishi shart emas, bosh devorga urilguncha to‘g‘ri yo‘lga qayting. Imkoniyatlardan o‘z vaqtida foydalaning. Yaqinlaringizga ayniqsa, ota-onangizga e’tiborli bo‘ling, sog‘likni qadrlang!” 

 Maftuna KARIMOVA,O‘zA