Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchilar o‘rgandi, o‘rgatdi, tajriba almashdi
10:05 / 2023-12-21

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “O‘qituvchilar qurultoyi”ning dastlabkisi Samarqand viloyatida o‘tkazildi.

Ta’lim islohotlarini birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish hamda mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan qurultoy Samarqand shahridagi Prezident maktabida seminar-trening bilan boshlandi.

Tadbirda viloyatimiz pedagoglari boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyot yo‘nalishlaridagi zamonaviy ta’lim metodikalari bo‘yicha bilim va malakalarini oshirdi. Bunda asosiy e’tibor bugungi kunda ta’lim jarayonlarini eng samarali usullarda tashkil etishga qaratildi. Xususan, o‘qish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida 4K modelini qo‘llash, o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish, loyihaga asoslangan ta’lim kabi metodikalardan foydalangan holda umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish maqsad qilingan.  

Samarqandlik o‘qituvchilarning qurultoyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev so‘zga chiqib, tadbir mohiyatiga to‘xtaldi.

[gallery-15146]

– Tizimda ilk bor eng yaxshi ustozlarni saralab, o‘qituvchilar qurultoyi tashkil qildik, – dedi U.Sharifxo‘jayev. – Bu tadbir o‘rganish va o‘rgatish maqsadida bo‘lib o‘tmoqda. Bugungi seminar-treninglarda kimdir o‘rgandi, kimdir o‘rgatdi, o‘zaro tajriba almashildi. Maktabga yangi ta’lim jarayonlari, xorijdan o‘qituvchilar olib kelinayotgani, yangicha baholash tizimining sinovdan o‘tayotgani muhokama qilindi.  

Qurultoyda vazir o‘rinbosariga maktab o‘qituvchilari tomonidan darsliklar masalasi, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, attestatsiya jarayonlari haqida savollar berildi.  

Tadbir so‘nggida maktab ta’limida astoydil xizmat qilib kelayotgan bir guruh o‘qituvchilar “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.  

– Ko‘p yillik mehnatlarim uchun menga vazirlik tomonidan “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni berildi, - dedi  Urgut tumanidagi 56-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Tugalov. – Bu mukofot ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor samarasidir. Ammo maktablarda muammolar ko‘p, ularni birgalikda, o‘zaro tajriba almashgan holda bartaraf etish mumkin. Bu kabi qurultoylar ko‘proq o‘tkazilsa, tizimdagi kamchiliklarga yechim izlansa, yanada yaxshi bo‘lardi.  

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari