O‘zbekistonda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifati va bandlikni oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim qarorlar qabul qilindi. Ushbu yangiliklar 2026 yildan boshlab o‘qituvchilar, kam ta’minlangan oilalar, xotin-qizlar, yoshlar hamda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Belgilangan tartibga muvofiq, joriy yil 1 martdan boshlab “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi mavjud bo‘lmagan oilalarning uy-joy sharoitini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi.
Xususan, xonadonlarning devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik o‘rnatish, shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatish nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2026 yil 1 martdan og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratiladi. Bu aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik — 2026 yil 1 martdan xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Bu qaror ushbu institutlarning mas’uliyati va ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan.
Eng katta e’tibor kasbiy ta’lim sohasiga qaratilmoqda. 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan yangi subsidiyalar joriy etiladi. Jumladan, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro darajada tan olingan hamda milliy kasbiy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi qoplab beriladi. Bu miqdor BHMning 20 baravarigacha bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Ushbu qarorlar ta’lim sifatini oshirish, kasbiy malakani rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va aholi bandligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA