English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish yangi Uyg‘onish davrining bosh mezoniga aylandi
18:19 / 2024-02-02

Kechagina “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Qonun bilan pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi belgilandi. Pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari qat’iy belgilandi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi ko‘p millatli xalqimiz, kelgusida sharafli va mas’uliyatli o‘qituvchilik kasbini egallash orzusidagi millionlab yigit-qizlar, umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim sohasida mehnat qilayotgan minglab o‘qituvchilar, olimlar tomonidan katta mamnuniyat va xursandchilik bilan qarshilandi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimiz pedagoglariga yo‘llagan tabrigida “jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir”, – deyiladi. Darhaqiqat, ilmni yetkazishda, jamiyatda inson resursini shakllantirishda, oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishda ustozlarning o‘rni beqiyos. Muallimlar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari yoshlarning, butun jamiyatning ongu tafakkurini o‘zgartiruvchi, ulkan maqsadlar sari chorlovchi kuch hisoblanadi. 

So‘nggi yetti yilda Vatanimiz kelajagi uchun eng muhim sarmoya ta’limga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlardir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan yillar davomida soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish mamlakat rahbarining doimiy e’tibori markazida bo‘lib kelmoqda. Shu davrda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishilgani, hech shubhasiz, eng muhim yutuq sifatida e’tirofga loyiqdir. 

Mazkur islohotlarning mantiqiy davomi va muhim qismi bo‘lgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi o‘qituvchilarning Yangi O‘zbekistondagi nufuzi va mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ularning o‘z kasbiga mehri va sadoqatini mustahkamlab, jamiyat ardog‘ida bo‘lishga sharoit yaratadi. Muallimlar faoliyatiga huquqiy, moddiy va ma’naviy kafolatning berilishi esa inson resursini shakllantirishga, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonaman. 

Dilnoza Xodjayeva, 

Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori