Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchi va tarbiyachi hamkorligi samara beradi
12:36 / 2024-02-02

Inson butun hayoti davomida egallaydigan bilimlarining 70 foizini 5-6 yoshgacha bo‘lgan davrda o‘zlashtirar ekan. Demak, bu davr inson kelajagini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham mamlakatimizda aynan maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas bo‘lagiga aylangan.

Xususan, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu borada Buxoro viloyatida salmoqli natijalarga erishilmoqda.  

Ayni paytda viloyatda 6 yoshli bolalar soni 37 231 nafarni tashkil etadi. Ularning 34 769 nafari maktabga tayyorlov jarayoniga qamrab olingan. Qamrab olingan bolalarning 3 155 nafari qisqa muddatli guruhlarda, 6 953 nafari boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik bepul tayyorlov guruhlarida, 24 648 nafari esa to‘liq kunlik tayyorlov guruhlarida ta’lim olmoqda.  

Bunda maktablarning bo‘sh turgan binolarida maktabgacha va maktab ta’limi hamkorligida tashkil etilayotgan majburiy bir yillik bepul tayyorlov guruhlarining ulushi salmoqli o‘rin egallamoqda.  

– Bolalarni maktabga tayyorlashning hamkorlikdagi bu usuli bog‘cha va maktab orasidagi o‘zaro uzviylikni ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hidoyat Jumayeva. – Bunda bola bevosita maktab hayoti va birinchi muallim bilan yaqindan tanishadi, muloqotda bo‘ladi. Bu ularda o‘quvchilik ko‘nikmasini shakllantiradi va bolaning maktabga qiyinchiliksiz osongina moslashishini ta’minlaydi. Ayni paytda ushbu samarali tajribani viloyatimizning barcha tumanlarida keng tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.  

Birgina Vobkent tumanidagi 1-umumta’lim maktabi hamda 7-maktabgacha ta’lim tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ana shunday guruhlarda bugun 90 nafar bola qamrab olingan.  

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminar jarayonida majburiy tayyorlov guruhi tarbiyachilari hamda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari maktabda mazkur yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan guruhlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘qituvchi va tarbiyachi hamkorligida “Ilm yo‘li” o‘quv dasturi hamda zamonaviy metodikalardan foydalangan holda olib borilayotgan mashg‘ulotlar, treninglarda ishtirok etdi. Bu boradagi tajribalarini boyitdi, muhim ko‘nikma va tavsiyalarga ega bo‘ldi.    

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri