Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchi va murabbiylar mehnati e’tirof etildi
13:58 / 2023-09-30

O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami Navoiy viloyatida ham keng nishonlanmoqda.

Bayramning asosiy tadbiri viloyat hokimligi tantanalar zalida ustoz va murabbiylar mehnatini e’tirof etish bilan boshlandi.

Tantanali tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. 

Bu yilgi bayram arafasida 6 nafar soha fidoyisi Prezidentimizning farmoniga asosan fidokorona va samarali mehnatlari uchun davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. 

– Mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor tufayli ham o‘qituvchilarga barcha imkoniyat yaratib berilmoqda. Hatto Konstitutsiyamizda ham o‘qituvchilarning maqomi alohida belgilanib qo‘yildi, – deydi Karmana tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Do‘smurot Achilov. – 38 yildan buyon yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelaman. O‘zim fizika fani o‘qituvchisiman. 2000 yilda kimyo fanini mustaqil o‘rganganman. Hozir kimyo fanidan o‘quvchilarga saboq beraman. Avvalari dars jarayonida foydalanish uchun laboratoriya jihozlaridan umuman foydalanmasdik. Uskunalar nomigagina bor edi. Ikki yil oldin ta’lim maskanimiz ta’mirlanib, barcha jihozlar bilan ta’minlandi. Ta’lim sifati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Buni o‘quvchilarimizning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatgichlarining oshib borayotganida ham ko‘rishimiz mumkin. Joriy yilda 55 nafar bitiruvchimizning 49 nafari yurtimizdagi turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Bu ham ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning bir samarasi, deb hisoblayman. Bu yilgi bayram arafasida menga berilgan “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni esa juda katta mas’uliyat yuklaydi. Bor bilim va mahoratimni yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘liga sarflayman.

[gallery-13825]

Tadbirda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra taqdirlangan bir guruh o‘qituvchilarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, fidoyi, o‘z sohasining yetuk bilimdonlari, tashabbuskor va faol o‘qituvchi va murabbiylar viloyat hokimining “Faxriy yorlig‘i”, “Tashakkurnoma” va qimmatbaho estalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. 

Bayram tantanalari Karmana tumanidagi “Oqsaroy” bazmgohida davom etib, soha xodimlari to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lishdi. Tadbir badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari.