Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchi va murabbiylar bellashdi
11:46 / 2023-02-28

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida O‘zbekiston madaniyat, sport, turizm xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan sport maktablarining o‘qituvchi-murabbiylari o‘rtasida gandbol bo‘yicha Respublika musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, mehnat jamoalarida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirishga qaratilgan mazkur turnirda tarmoq kasaba uyushmasi tizimidagi tashkilot-muassalarda faoliyat olib borayotgan 25 yoshdan katta bo‘lgan erkaklar hamda ayollar qo‘l to‘pi borasida 40dan ziyod guruhlarda o‘zaro bahslashdi.  

Mingga yaqin ishtirokchilarni o‘zida qamrab olgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, ayollar o‘rtasida barcha raqiblaridan ustun kelgan Kosonsoy tumani sport maktabi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o‘rin norinliklarga nasib etdi. To‘raqo‘rg‘onlik qo‘l to‘pi ustalari uchinchi o‘rinni egalladi.  

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda g‘alaba nashidasini surgan Uchqo‘rg‘on tumani sport maktabi jamoasi shohsupaning eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Kosonsoy tumanidan kelgan murabbiylar ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Kuchli uchlikda esa Sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi qayd etildi.  

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari madaniyat, sport, turizm xodimlari kasaba uyushmasi Namangan viloyati birlashgan qo‘mitasi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Darvoqe, musobaqada birinchi o‘rin sohibi bo‘lgan jamoalar a’zolari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi sihatgohda dam olish asnosida turnirning Respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.  

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA