Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchi, shifokor va ehtiyojmand oilalarga uy sovg‘a qilindi
18:21 / 2024-04-14

Sherobod tumanidagi Taroqli mahallasida yuz oilaga mo‘ljallangan besh qavatli zamonaviy turarjoy binolari foydalanishga topshirildi.

Yangi xonadonlar tanlov asosida saralab olingan eng faol o‘qituvchi va shifokorlarga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan hamda kam ta’minlangan oilalarga muborak Ramazon tuhfasi sifatida bepul berildi.  

Tumanda uy-joyga ehtiyojmand oilalarni uch yildan buyon imkon darajasida qo‘llab-quvvatlab kelayotgan saxovatpesha tadbirkor ism-sharifi va korxonasi nomi ochiqlanmasligini so‘raydi. Sodda qilib aytganda, ehtiyojmandlarga o‘ng qo‘li berayotgan ko‘makni chap qo‘li sezmasligini xush ko‘radi.  

Bunday ezgu ishni boshlagan mehr-muruvvatli inson dastlabki yili 27 kam ta’minlangan oilaga o‘z hisobidan ixcham kottej uylar qurib bergan edi. O‘tgan yili mohi Ramazon hayiti nishonlangan kunlarda uy-joyga ega bo‘lmagan nogironligi bor va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga besh qavatli 40 xonadonga mo‘ljallangan turarjoy binosini hadya qildi.

Bugun foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylarga o‘tgan yilning oktyabr oyida ilk tamal toshi qo‘yilganida tadbirkor bu xonadonlarni aholi salomatligini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotgan tibbiyot xodimlari, yosh avlod ta’lim–tarbiyasi yo‘lida barchaga o‘rnak bo‘layotgan fidoyi o‘qituvchilar orasidan uy-joyga ehtiyojmandlarini tanlov asosida saralab olib, sovg‘a qilish, bir qismini yordamga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga bepul berish niyati borligini ma’lum qilgan edi. 

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar, yangi uylarning sohib-u sohibalari ishtirok etgan tantanali tadbirda inson qadrini ulug‘lash oliy qadriyatga aylangan Yangi O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, ehtiyojmand xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bor yurtdoshlarimizni uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, hududlarda ijtimoiy turarjoy binolari barpo etilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda saxovatpesha tadbirkorning turarjoyga ehtiyoj sezayotgan fidoyi o‘qituvchi va shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash tashabbusini ilgari surgani ham millatimizga xos yuksak fazilat ekani qayd etildi. Jamiyatimizda sharafli va ayni paytda mashaqqatli kasb egalariga, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar va nogironligi bor oilalarga barcha mo‘min-musulmonlar qalbi ezgulik, mehr-oqibat nuriga to‘lib turgan saodatli kunda saxovat ko‘rsatgan tadbirkorning kelgusi ishlariga fayz-u baraka tiladi.  

Yangi uyga ko‘chib o‘tganlar safida o‘ttiz yildan buyon shifokorlik kasbini sharaflab kelayotgan Muqaddas Namozova, fidoyi ustoz Dilrabo Fayzullayevalar ham bor. M. Namozova bemorlarga sog‘lik ulashish barobarida yolg‘iz o‘zi bir farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazmoqda. Mohir o‘qituvchi Dilrabo Fayzullayevaning yosh avlodga ta’lim-tarbiya berayotganiga 17-yil bo‘ldi. Baxtigul Qurbonova esa nogironligi bor oilaning uy bekasi.

--Turmush o‘rtog‘imning qandli diabet kasalligiga chalinganiga besh yildan oshdi,--deydi B. Qurbonova.-- Shu kasallik oqibatida bir oyog‘idan ajraldi. Ikki farzandni ulg‘aytirayapmiz. Uy-joyimiz yo‘q edi. Keksalarimiz bejiz uyi borning o‘yi yo‘q, deyishmas ekan. Mana, Yaratganning inoyati bilan bepul uyli bo‘lgach, yelkamizdan tog‘ ag‘darilgandek his etayapmiz, o‘zimizni. Bizga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizdan behad minnatdormiz. Ilohim, ulug‘ ayyom kunlari saxovat ko‘rsatgan qo‘li ochiq tadbirkorning ham martabasi ulug‘, boyliklari yanada ziyoda bo‘laversin. Umri faqat quvonchli kunlar bilan o‘tsin!  

Ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar ikki va uch xonali bo‘lib, ularning har biri yuksak did bilan zamonaviy usulda jihozlangan. Yangi xonadonlarda hayotdan rozi bo‘lib yashash uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov Prezidentimiz nomidan yangi uylarning sohib-u sohibalariga xonadonlar kalitini tantanali ravishda topshirdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri