O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Farg‘ona viloyat bo‘limida maktab o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib boruvchi rassomlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi ochildi.
Tadbirda viloyatdagi Badiiy akademiya a’zolari, madaniyat va san’at vakillari, ijodkorlar hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdilar. Ko‘rgazma rishtonlik maktab tizimida mehnat qilayotgan rassom-o‘qituvchilarning ijodiy salohiyatini ko‘rsatish, tasviriy san’at rivojiga qo‘shgan hissasini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida tashkil etildi.


O‘qituvchi rassomlar Bahodirjon Xizirov, Eldorjon Mamajonov, Abrorjon Sheraliyevlarning ekspozitsiyadan o‘rin olgan asarlarida Vatan manzaralari, zamondosh insonlar, inson va tabiat uyg‘unligi, manzara va natyurmort aks etgan. Turli janr va uslublarda yaratilgan bu asarlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Men natyurmort janriga qiziqaman, chunki unda ranglardan unumli va ta’sirchan manzaralarda foydalanish imkoni keng, – deydi rishtonlik o‘qituvchi- rassom Eldor Mamajonov. – Balki shuning uchun ham ko‘rgazmani “Mo‘yqalam raqsi” deya nomlaganmiz.


Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’lim va san’at uyg‘unligi yosh avlodni ma’nan yetuk va estetik didli inson qilib tarbiyalashda muhimligini qayd etdilar.
– Bu ko‘rgazma 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga atab tashkil etildi. Bir hafta davomida uni harbiy qismda xizmat qilayotgan askarlar va talabalar hamda yuqori sinf o‘quvchilariga “Mo‘yqalam raqsiga sayoxat” loyihasi doirasida namoyish etamiz, – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Lyudmila Semizorova.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W8zyHgGU_r8" title="O‘qituvchi- rassomlar ijodiy ko‘rgazmasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA