French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchi: "Men 17 million so‘m miqdorida maosh olishim mumkin"
15:22 / 2022-12-28

Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2023 yilda har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlari javoblari Davlat test markazi tomonidan my.dtm.uz saytida e’lon qilindi. Dastlabki bosqichda maksimal ballning 80 foiz va undan yuqori ball to‘plaganlar ikkinchi bosqichda ishtirok etadi. Ikkinchi bosqich sinov jarayonlari 2023 yilda o‘tkaziladi va unda o‘qituvchilarning kasbiy ko‘nikmalari jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan guruh tomonidan baholanadi. Ikkinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar har oylik ustamani belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida olishlari mumkin.

Xalq ta’limi Vaziri jamg‘armasi uchun ustama oladigan o‘qituvchilarning nomzodlari tegishli tartibga ko‘ra, xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, bunda nomzodlar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bitiruvchi-o‘quvchilari tomonidan tegishli o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalariga, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonida qayd etgan natijasiga muvofiq taqsimlangan.  

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 44-IDUMning oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi Dilbarxon G‘ulomova mazkur saralash imtihonlarida 100 foizlik natijani qo‘lga kiritgan.  

Qayd etilishicha, 14 yildan beri o‘quvchilarga bilim berayotgan Dilbarxon G‘ulomova o‘quvchilik davridanoq respublika olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Milliy universitetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilingan. D.G‘ulomova 2018 yil «Yil o‘qituvchisi» respublika ko‘rik tanlovining 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. 2021 yil «El-yurt umidi» jamg‘armasining stipendiati sifatida Sankt-Peterburgning A.I.Gersen nomidagi Pedagogika universitetida malaka oshirib qaytgan. bugungi kunda Dilbar G‘ulomovaning oylik maoshi 12,6 million so‘mni tashkil qiladi.  

"Vazir jamg‘armasiga tanlov e’lon qilinishi bilanoq, saralash imtihonlarida ishtirok etishni xohlaganman, – deydi Dilbar G‘ulomova. – O‘z ustida ishlagan inson oldiga qo‘ygan maqsadlariga bemalol erisha olishi mumkin. Keyingi bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tishimga ishonaman. Agar ikkinchi bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tsam, men 17 million so‘m miqdorida maosh olishim mumkin. Maqsadlarim yo‘lida aslo chekinmayman. Har bir ezgu harakat esa albatta ijobiy samara beradi. Mehnatlarim natijasini nafaqat o‘quvchilarimda, balki farzandlarimda ham ko‘ryapman. Qizim Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda, qolgan ikki nafar farzandim Andijondagi Prezident maktabida tahsil oladi. O‘quvchilarimning ko‘pchiligi poytaxtning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishga muvaffaq bo‘lgan".  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2023 yilda har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlarida o‘z natijasidan norozi talabgorlar 27-28-29 dekabr kunlari my.dtm.uz saytining «O‘qituvchilar» bo‘limi orqali apellyatsiya arizasini berishlari mumkin. Arizalar komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va apellatsiya xulosasi 15 ish kuni ichida talabgorga yozma ravishda yuboriladi.  

 

 O‘zA