Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabida bilimli, iqtidorli o‘quvchilar ta’lim olmoqda.
Maktabda o‘quvchilarning chuqur bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud. Jumladan, yosh tarjimonlar, veb-dizayn, kompyuter grafikasi, tasviriy va raqamli san’at, audiovizual asarlarni yaratish va qayta ishlash, aktyorlik mahorati kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ijod maktabi o‘quvchilari turli ko‘rik-tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallamoqda.
Maktab o‘quvchilaridan Guljamal Uspanova AQSHning Arizona universiteti ijtimoiy, Ajiniyaz Ataniyazov Massachusets universiteti iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish uchun "El-yurt umidi" jamg‘armasi tomonidan 2-stipendiya tanlovi g‘olibi bo‘ldi. O‘tgan o‘quv yilini 24 nafar o‘quvchi bitirib chiqqan bo‘lsa, shundan 23 nafari xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yutlariga qabul qilindi. Bularning barchasi yoshlarga ta’lim berayotgan ustozlar mehnati samarasidir.
[gallery-8988]
Ana shunday ustozlardan biri kimyo fani o‘qituvchisi Zaripa Tanirbergenovadir. Hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagandan so‘ng mehnat faoliyatini Nukus shahridagi 32-umumta’lim maktabida boshlagan bo‘lsa, keyin Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyda kimyo fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 2017 yildan buyon Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabida yoshlarga ta’lim berib kelmoqda.
O‘quvchilari fan olimpiadasining shahar va respublika bosqichlarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Tajribali ustozning ilmiy maqolalari “Maktabda kimyo” hamda “Science” jurnallarida chop etildi. “Eritmalar va ularni yechish uslublari” kitobidan o‘quvchilar kundalik darslarda foydalanib kelmoqda.
– Davlatimiz rahbarining bayram tabrigidagi “Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi”, degan so‘zlari soha fidoyilariga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, – deydi tajribali ustoz Zaripa Tanirbergenova. – Farzandlarimizning ertangi kuni hayotda munosib o‘rnini topishida biz, ustozlardan katta mas’uliyat va shunga munosib xizmat qilish talab etiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA