French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qituvchi faqat bilim berish bilangina kifoyalanmasligi zarur...
15:21 / 2022-10-01

Xalqimiz orasida «O‘z kasbidan baraka topibdi», degan jumlalarni ko‘p soha vakillari qatori ulug‘ kasb egasi – ustoz, o‘qituvchilarga ham ishlatishadi. O‘qituvchining birinchi barakasi esa qo‘lidan tutib, harf o‘rgatgan, olamni ilmi bilan tanib, yetuklikka erishgan o‘quvchilarining borligi bilan o‘lchanar ekan.

O‘qituvchi aslida kasbimdan kelib chiqib, vazifamni bajaryapman, deb o‘ylasa-da, kamtarligi, odobi va xulqini namuna qilib o‘zi sezmagan holda o‘quvchilariga ham «yuqtirishi» mumkin ekan. Bu esa har bir insonga jamiyatda yurish-turish, atrofdagilar bilan muomala qilish, davlatga sadoqatli bo‘lib yashash, xiyonatdan hazar qilish kabi tuyg‘ularni shakllantiradi.

YURTGA QANDAY FARZANDLAR KERAK?

Xo‘sh, o‘qituvchining nazdida o‘z yurtiga qanday farzandlar kerak? Aynan mana shu savolni o‘ziga vijdonan bera oladigan o‘qituvchi aynan fidoyi sanaladi. Chunki, insonlarga shifo ulashayotganlarni ham o‘qituvchi shakllantirgan, Vatanni himoya qilayotganlarni ham o‘qituvchi g‘ururlantirgan, ajdodlarini tanitib, kelajakka umidlantirgan ham aynan o‘qituvchi bo‘lar ekan.

Uzoq yillik tajribadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bolaning aqliga ilm ustunini qo‘yayotgan har bir o‘qituvchi avvalo, uning ajdodlari merosini tanitishi lozim. Deylik, bolaga «Qorbobomiz oppoq» degan she’r bilan xayollarini chalg‘itmay, kerak bo‘lsa, bog‘chadan, ota-onalardan quntli bo‘lishni, hazrati Alisher Navoiyning:

G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulg‘a tikondek oshyon bo‘lmas emish, deya Vatanparvarlikni ulug‘lab aytgan so‘zlarini yodlatishini taklif qilardim. Balki bola buning ma’nosini o‘sha paytda anglamas, ammo aqliga yoshligidanoq, toshga bitilgan kabi kiritilgan so‘zlarning mag‘zini kun kelib chaqadi.
Zahiriddin Muhammad Boburning:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz,
Harkimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir, degan so‘zlari ostidagi xiyonatdan, bevafolikdan, jafokashlikdan qaytargan ma’noni farzand ongiga yodlatib singdirsin-chi, u kelajakda xotirasida qolgan bu so‘zlar uni qanday illatlardan asrashini, odob nima ekanini o‘ylashga undashini anglaysiz.

Demak, hamma davrda ham o‘qituvchi, murabbiydan o‘z Vatani uchun mana shunday tuyg‘ularni bolaga singdirib borish talab etilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir», deya marhamat qilganlar. Beshikdan to qabrgacha ilm egallashga intilish mo‘min kishining hayot tarzi bo‘lishi kerak.

Asalari bilan inson bolasi o‘rtasidagi farq haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yigirma kunlik asalarini guldan gulga qo‘nib, asal yig‘ayotganini ko‘p ko‘rgandirsiz.

Inson farzandi esa faqatgina ikki yoshdan oyoqqa turadi, gapirishni o‘rgana boshlaydi. 6-7 yoshida maktabga boradi. O‘qishni, yozishni o‘rganadi. Litsey, universitetni tugatguniga qadar ko‘p o‘qiydi, o‘rganadi, intiladi, izlanadi. Chunki yashash uchun hayotni, insonlarni o‘rganishga muhtojdir.

Shuni unutmaslik lozimki, bilim olishning erta-kechi bo‘lmaydi, hattoki buyuk ajdodlarimiz Abu Ali ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Alisher Navoiy va boshqa yana bir qator bobokalonlarimiz yoshlikdan Qur’oni karimni bilishgan, bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq, adabiyot kabi boshqa fanlarni o‘rganishni boshlaganlar.

«Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir», degan naql ortida ayni ta’lim beruvchi sifatida amin bo‘lganim – chin haqiqat yo‘liga, ilmga undov bor.

Darhaqiqat Hazrati Ali ilm xususida: «Ilm pastda turganlarni yuqori darajaga ko‘taradi. Bilimsizlik esa tepada turganlarni pastga tushiradi. Ilm mol-davlatdan ustundir, chunki boylikni sen asraysan. Ilm esa seni asraydi», deganlar.

Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi 20-o‘rta maktabda 35 yildan ortiq faoliyatim davomida boshlang‘ich ta’limning sirlarini o‘zlashtirib, bola psixologiyasiga nozik nuqtalardan qarashni va aynan o‘sha nuqta orqali uning kelajagiga qanday foydali saboqlar berishni bildim. bugungi kunda maktabimizning nufuzi ham aynan fidokor o‘qituvchilarimizning mehnatlari tufayli hamisha yuqori o‘rinlarda, xalqimiz koriga yaraydigan munosib farzandlarni  o‘qitib, bilim bermoqda.

Endi esa yuqorida keltirilgan o‘sha – «O‘z kasbidan baraka topibdi», degan jumlaga qaytib, mamnuniyat bilan ayta olamanki, o‘z kasbidan baraka topgan insonlardan biri bo‘la oldim. Buning uchun esa davlatimizning biz o‘qituvchilarga yaratib bergan imkoniyatlari va e’tibori chin ma’noda sabab bo‘ldi. «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan hamkasblarimga aytadigan tilagim – vijdonan fidoyilik bo‘lgan har bir ustoz o‘z kasbidan baraka topar ekan, baraka toping aziz ustozlar!



Muhabbat MAMARAIMOVA,
Navoiy viloyati Xatirchi tumani
20-o‘rta maktab o‘qituvchisi