Yoshlar press klubida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti 2021-2022 o‘quv yili 1-davra 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursi tinglovchilariga diplomlar topshirildi.
Tinglovchilarning institutga kirishi va o‘qish jarayoni xususida Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova batafsil so‘zlab berdi.
– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kursida o‘qish istagidagi talabgor nomzodlar hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yilning 5 avgustiga qadar qabul qilingan edi. Qabul komissiyasi tomonidan 600 dan ortiq nomzodlar hujjatlari tegishli tartibda o‘rganilib 542 nafar tinglovchilikka talabgor nomzodlar Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlariga tavsiya etildi.
Davlat test markazi tomonidan 20 sentyabr kuni “O‘zbekiston tarixi”, “Iqtisodiyot nazariyasi” va “Huquqshunoslik” fanlaridan o‘tkazilgan test sinovlarida 356 nafar nomzod ishtirok etdi. Test sinovlaridan esa 43 nafar nomzod belgilangan talablarni bajargan holda muvaffaqiyatli o‘tdi.
Institutning qayta tayyorlash o‘quv kursida bir davra uchun 60 nafar tinglovchi qabul qilinishini belgilangan. Shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tizimning hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan 18 nafar mutaxassis tavsiya asosida o‘quv kursiga qabul qilindi.
Institutining 4 oylik qayta tayyorlash kursi o‘quv rejasiga muvofiq, tinglovchilarga 2021 yil 6 oktyabr sanasidan 12 hafta davomida nazariy bilimlar berildi hamda uni mustahkamlash uchun tinglovchilar 2 hafta davomida turli vazirlik, idora, hokimlik va tashkilotlarga malakaviy amaliyot o‘tash uchun yuborildi.
O‘quv jarayoni davomida tinglovchilar davlatning iqtisodiy siyosati, yoshlarga oid davlat siyosati, davlat boshqaruvining huquqiy asoslari, biznesda muloqot, geosiyosat, ijtimoiy boshqaruv texnologiyalari, liderlik mahoratini rivojlantirish, tashkiliy psixologiya, biznes boshqaruvi, inson resurslarini boshqarish, loyiha boshqaruvi asoslari, strategik menejment, axborot-tahliliy faoliyat asoslari, moliyaviy savodxonlik fanlaridan nazariy va amaliy bilim olishdi.
Tinglovchilarda nazariy bilimlarni amaliyotga bog‘lagan holda o‘quvlarni tashkil etish maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlardan hamda muvaffaqiyatli biznes vakillaridan iborat o‘z sohasining yetuk mutaxassislari dars mashg‘ulotlariga taklif etildi.
Mehmon sifatida “Murad Buildings” asoschisi Murod Nazarov, “Afex Group” savdo menejeri Ulug‘bek G‘aniyev, “Malevich Konsalting” markazi rahbari Alisher Rustamov, “Toy bola” brendi asoschisi Anvar Abduqayumov, “Toyota Tsusho” korporatsiyasining Toshkent aloqa boshqarmasi boshlig‘i Nozimjon Xujayev, “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova va boshqalar taklif etildi.
Joriy yilning 5 yanvardan 18 yanvargacha tinglovchilarga berilgan nazariy bilimlarni mantiqiy davomi sifatida malakaviy amaliyot tashkil etilib, unda asosiy e’tibor davlat boshqaruvining turli tizimlarida rahbarlik lavozimida o‘zini sinab ko‘rish, rahbarlik, yetakchilik, moliyaviy resurslarni boshqarish, murakkab boshqaruv amaliyotida qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Shu nuqtai-nazardan, aksariyat tinglovchilar o‘z malakaviy amaliyotlarida vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklarda, mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga dublyor sifatida yuborildilar.
28-31 yanvar kunlari belgilangan talablarga ko‘ra tinglovchilar egallagan bilim va ko‘nikmalarini davlat talablariga muvofiqligini baholash maqsadida tinglovchilar tomonidan bajarilgan bitiruv malakaviy ishlarni Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasiga taqdim qilib, ishlarini himoya qilishdi.
bugungi kunda tinglovchilarning xizmat lavozimlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat va hokimiyat organlari, vazirlik, idoralar hamda jamoat birlashmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
[gallery-6206]
Gulnoza Boboyeva, O‘zA