O‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegayli tuman bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida o‘qishga kiritib berishni va’da qilgan fuqaro ushlandi.
Ariza bilan murojaat qilgan fuqaroning aytishicha, J. ismli shaxs uning ishonchiga kirib, 2 ming AQSH dollari evaziga Nukus davlat pedagogika instituti sirtqi ta’limga o‘qishga kiritib berishni va’da qiladi. U Nukus shahri Taxiatosh guzari bo‘yida joylashgan “Gauxar” kafesi yonida ariza muallifidan 2 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan hamda kimyoviy ishlov berilgan 2 ming AQSH dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegayli tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA