Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan bir guruh firibgarlar fosh etildi
10:57 / 2021-07-17

Korrupsiya bugungi kunda barchani tashvishga solayotgan eng global muammolardan biri hisoblanadi.

 Mamlakatimizda ushbu illatga qarshi kurashish masalasiga umumdavlat miqyosidagi vazifa sifatida qaralib, uning oldini olish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.J. boshqa bir fuqaroni O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya universitetiga yuqori lavozimda ishlovchi tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming 500 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departament va DXXning Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.Yo. boshqa bir fuqaroni o‘zining vakolatli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib, 2-kursdan O‘zbekiston Respublikasidagi oliygohga ko‘chirib berishi evaziga fuqaro Sh.X.dan firibgarlik yo‘li bilan 5 ming 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departament va DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona Davlat universiteti talabalari X.M. va Sh.T. oldindan til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.B.ni o‘qishini xorij universitetidan Farg‘ona Davlat universitetiga ko‘chirib berish hamda ikki nafar fuqaroni Farg‘ona Davlat universitetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 10 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Farg‘ona shahridagi «S» o‘quv markazi o‘qituvchisi E.A. fuqaro M.B.ning o‘qishini xorij universitetidan ko‘chirib berish hamda ikki nafar fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga talab qilgan 8000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda respublikamizda mavjud barcha oliy ta’lim muassasalariga onlayn hujjat topshirish va o‘qishga kirish borasida keng imkoniyatlar yaratilgan, Ya’ni, har bir abituriyent bir vaqtning o‘zida mos ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 5 tagacha OTMga hujjat topshirishi, shu bilan birga kirish imtixonlaridan yetarlicha ball to‘plolmagan taqdirda kontrakt yoki oshirilgan kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish orqali ham talaba bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish, o‘qishga kirishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida harakat qilishingiz, firibgarlar tuzog‘idan ehtiyot bo‘lishingizni so‘rab qolamiz.

Sh. Mamaturopova, O‘zA