Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oqila ayollar” harakati: samaradorlik ortmoqda
14:47 / 2023-01-26

Andijon viloyatining barcha tuman, shahar mahallalarida “Oqila ayollar” harakati faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda harakat a’zolari, faollari samarali ish olib bormoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida  2022 yil 1 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jamiyatda obro‘-e’tiborga, katta hayotiy tajribaga ega ayollarni o‘z safiga jamlaydigan “Oqila ayollar” harakatini tashkil etish taklifi ilgari surilgan edi. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari: “Bu harakat tom ma’noda mahallaning vijdoniga aylanishi kerak. Chunki ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi. Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur.  

Hech bir ona farzandining kelgusida baxtsiz bo‘lishini istamaydi. Shu ma’noda, men muhtarama onalarimizga murojaat qilmoqchiman. Bugun biz vatanning shon-shuhratini yuksaltiradigan tarixiy davrga qadam qo‘ydik. Shuning uchun, sizlar farzandingizning qalbiga ulug‘ maqsadlarni, ezgu g‘oyalarni singdiring, buyuk orzularni joylashga intiling.  

Onalarimiz yuksak fazilatli, mard, jasur farzandlarni tarbiyalab bersa, biz ularni zamonaviy maktab va oliygohlarda kamolga yetkazamiz. Maqsadimiz — har bir oila, xonadon va mahalla mana shu ulug‘ harakatning markaziga aylansin”, degan edi.  

Prezident taklifidan kelib chiqib,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 8 avgustda “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul  qilindi. Ushbu qaror ijrosi doirasida o‘tgan davr mobaynida Andijon viloyatida ham samarali ishlar amalga oshirildi.  

Andijon viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi qoshida “Oqila ayollar” harakati tashkil etilib, keng jamoatchilik o‘rtasida hurmat-e’tiborga, katta hayotiy tajribaga ega 40 nafar ayoldan iborat harakat a’zolari tarkibi shakllantirildi. Bundan tashqari, tuman, shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limlarida 30 nafardan, viloyatdagi har bir mahallada 15 nafardan harakat a’zolari belgilanib, viloyatda 13 ming 835 nafar faol va tashabbuskor ayolni o‘z safiga birlashtirgan harakatning 904 ta boshlang‘ich guruhlari tashkil etildi. Barcha bo‘g‘inlarda harakat yetakchilari saylab olindi.  

– Harakatning asosiy vazifasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida jamiyatimizda yangi ma’naviy makon yaratish, ezgu g‘oyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarni opa-singillar, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga chuqur singdirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, – deydi Andijon viloyati “Oqila ayollar” harakati rahbari Manzuraxon Egamova. – Shuningdek, faoliyatimizda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, ibratli ota-ona bo‘lishning ahamiyati, ma’rifatli jamiyatni qurishda ma’rifatli onalarning rolini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.  

Andijon viloyati “Oqila ayollar” harakatining yig‘ilishida o‘tgan yili amalga oshirilgan tashkiliy va faoliyat ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.  

– O‘tgan yili harakat faoliyatini kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi, – deydi viloyat “Oqila ayollar” harakati a’zosi, Andijon Mashinasozlik instituti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ra’noxon Yusupova. – Talaba qizlar, institutimiz hududidagi mahallalarda yashovchi onaxonlar, uy bekalari, yoshlar ishtirokida ularning faolligi, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini oshirish, yoshlarning ilm olishi, ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli ayollar safini kengaytirish bo‘yicha qator tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.  

Viloyatning tuman va shaharlarida ham Harakat faoliyatini kengaytirish, samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan "Kitobxon onalar – bizning e’zozimizda" mavzusidagi davra suhbatida mahallalardagi kitobxon onalar tajribasini ommalashtirish targ‘ib etildi.

– Kitobxon onalar, otinoyilar, xotin-qizlar faollari ishtirok etgan davra suhbatida kitobning inson hayoti va jamiyat rivojidagi o‘rni, farzandlar tarbiyasidagi ahamiyati, ayollar, ayniqsa, uy bekalari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, yoshlarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bunda onalarning shaxsiy namuna bo‘lishlari xususida so‘z yuritildi, – deydi Xo‘jaobod tumani “Oqila ayollar” harakati rahbari Ne’matxon Yo‘ldosheva. – Umuman, faoliyatimizning barcha yo‘nalishlarida ta’sirchan va samarali tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.  

 

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (foto), O‘zA