Andijonda “Oilalar mustahkamligini ta’minlashda “Oqila ayollar” harakatining o‘rni” mavzusida viloyat forumi bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi, oiladagi o‘rni, roli va nufuzini oshirish, ayniqsa, oilalarni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi ortib bormoqda. Andijon shahrida o‘tkazilgan “Oqila ayollar” harakati forumi ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Forum Andijon shahar hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umidaxon Abdullayeva, tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, “Oqila ayollar” harakati yetakchilari, otinoyilar, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan xotin-qizlar faollari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
[gallery-24305]
Forumda oilalarni mustahkamlash, oila va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash, ijobiy hal etish, ular o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik holatlarini bartaraf etish, opa-singillarimiz turmush farovonligini yuksaltirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Dastlab “Oqila ayollar” harakati a’zosi, viloyat Targ‘ibot guruhi rahbari Mufazzal Qodirovaning “Oqila ayollar” harakati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar”, Harakat a’zolari Andijon davlat tibbiyot instituti tyutori Madina Mamajonovaning “Xotin-qizlar faolligining oshirishda “oqila ayollar” harakatining o‘rni va roli” , viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nilufar Mo‘minovaning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berishning huquqiy asoslari, tartibi va uning talablari ustidan nazoratni amalga oshirish” singari mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Ayniqsa, oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajrimlar, erta nikoh, erta yoshdagi tug‘ruqlarning oldini olish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, targ‘ib etish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi muhimligi qayd etildi.
– O‘tgan yili va joriy yilning o‘tgan davrida Andijon shahrida mazkur yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar olib borildi, – deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Nargiza Dehqonova. – Joriy yilning olti oyi davomida ajrimlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 taga kamaygan. Shuningdek, “Oqila ayollar” harakati a’zolari ko‘magida mahallalardagi ajrim yoqasida turgan 145 ta oilaning muammosi o‘rganildi. Shundan 121 ta oila yarashtirildi, 18 nafariga yarashish uchun muddat berildi. Bundan tashqari, ajrimlarning oldini olish maqsadida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” bo‘yicha o‘quvlar tashkil etilib, haftaning har payshanbasida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Shu kungacha 725 nafar yosh oila quruvchi o‘qitilib, ularga sertifikatlar berildi.
Forumda mazkur yo‘nalishdagi ishlar, ilg‘or tajriba va ish uslublarini ommalashtirish, harakat faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish lozimligi qayd etildi.
– Forumda ishtirok etib, “Oqila ayollar” harakati faoliyatini samarali yuritish yuzasidan ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi Jalaquduq tumanidagi “Beshtol” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Umida Alijonova. – O‘rganganlarimiz, berilgan tavsiya va maslahatlar faoliyatimizni, xususan, mahallamizda “Oqila ayollar” harakati ishini yanada yaxshilashga yordam beradi.
Shuningdek, ishtirokchilarning taklif, fikr va mulohazalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oqila ayollar” harakati faoliyatini takomillashtirish, olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha murojaatnoma qabul qilindi.
Forum yakunida “Oqila ayollar” harakat a’zosi bo‘lgan bir guruh faol xotin-qizlarga Andijon shahar hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari