English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oqil hokim uchun oltin qoidalar
07:28 / 2025-10-31

Ming yillar davomida donishmandlar adolatli jamiyat va oqil hukmdor haqida bosh qotirib, o‘zlarining mukammal davlat nazariyalarini yaratib keldilar. Biroq bu nazariyalarning aksariyati yuksak parvozli g‘oyalar bo‘lib, amaliyotdan uzoqligicha qolgan.

Shu o‘rinda buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyning xizmati beqiyosdir. U nafaqat ideal davlat haqida orzu qildi, balki o‘zining “Talxisu navomisi Aflotun” (“Aflotun qonunlari mohiyati haqida”) asari orqali hokimlar uchun deyarli ming yil o‘tib ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan amaliy yo‘riqnoma, o‘ziga xos “hokimlik darsligi”ni taqdim etdi. Ushbu asarda Forobiy qadimgi yunon faylasufi Aflotun g‘oyalarini sharhlash orqali, aslida, davlatni boshqarishning eng nozik jihatlari, hokimning mas’uliyati va muvaffaqiyatli boshqaruv sirlari haqida o‘z qarashlarini bayon qiladi.

Forobiy ta’limotining markazida qonun va uni yaratuvchi shaxs – “sohibi qonun” turadi. Uning birinchi va eng asosiy talabi shuki, hokimning o‘zi eng tarbiyali, bilimli va yuksak axloqli inson bo‘lishi shart. Forobiy Aflotunga tayanib aytadiki, “agar sohibi qonun oddiy odamlar kabi johil bo‘lsa, u odamlarga naf keltiradigan qonunni joriy etolmaydi”. Hokimning nodonligi xalq uchun eng katta zarardir, chunki kasal ruh eng foydali narsalarning farqiga bormaydi. Bundan tashqari, qonun yaratuvchi o‘zi chiqargan qonunga birinchi bo‘lib o‘zi amal qilishi lozim. “Qonuniga o‘zi amal qilmagan rahbar o‘zi qahramon bo‘lmay turib askarlarga rahbarlik qiladiganlarga o‘xshaydi”. Bugungi kun tili bilan aytganda, qonun ustuvorligini ta’minlash, avvalo, rahbarning o‘zidan boshlanishi kerakligi haqidagi tamoyil Forobiy tomonidan o‘n bir asr avval ilgari surilgan.

Ikkinchi muhim tamoyil – qonunlar majburlash va zo‘ravonlik bilan emas, balki xalq tomonidan ixtiyoriy va xayrixohlik bilan qabul qilinishi kerak. Forobiyning fikricha, eng foydali va tahsinga loyiq narsa – bu qonunning “ixtiyoriy zarurat” usulida amalga oshirilishidir. Buning uchun qonun yaratuvchi xalqqa qonunlarning mohiyati va afzalliklarini tushuntirishi, ularning o‘ziga foyda keltirishiga ishontirishi lozim. Qonun xalqning tabiati, odatlari va imkoniyatlarini hisobga olishi kerak. Hatto dorini ham mehribon tabib bemor yaxshi ko‘radigan ovqatga qo‘shib bergani kabi, qonunni ham xalqqa “shirin” qilib taqdim etish lozimligi haqidagi misol bu g‘oyaning naqadar teranligini ko‘rsatadi. Agar qonun erkinlik bilan ixtiyoriy amalga oshirilsa, u holda bo‘ysunish va itoat ham fuqaro tomonidan quvonch bilan qilinadi va uzoq davom etadi.

Uchinchidan, Forobiy hokimning tarbiya va ta’lim masalasiga birinchi darajali ahamiyat berishi zarurligini uqtiradi. “Tarbiya oqillikni vujudga keltiradi. Kishining tarbiyasi bo‘lmasa, u bema’nilikni xush ko‘radi. Qonun farovonlik yo‘lidir, shunday ekan, sohibi qonun tarbiyani mustahkamlashga alohida harakat qilishi zarur”. Aflotun fikrini davom ettirib, u yoshlikdan boshlab davlat ishlari bo‘yicha foydali mashqlar qilib yurish, to‘g‘ri va noto‘g‘rini ajratishga o‘rganish kelajakda oqil hokim bo‘lib yetishishning garovi ekanini aytadi. Bu g‘oyalar bugungi kundagi uzluksiz ta’lim va kadrlar malakasini oshirish tizimining falsafiy asoslarini eslatadi. Forobiy uchun davlatning qudrati uning armiyasi yoki boyligida emas, balki fuqarolarining bilimi va axloqidadir.

Forobiyning “Qonunlar”ga yozgan sharhi shunisi bilan qadrliki, unda hokimiyatning maqsadi xalqni baxtli qilish ekani aniq va ravshan belgilab qo‘yilgan. Sohibi qonun ilohiy ezguliklarga, ya’ni haqiqiy baxtga erishish uchun insoniy yaxshiliklarni (kuch, go‘zallik, boylik) tartibga soluvchi zotdir. Hokimning vazifasi – jazolash emas, balki tarbiyalash; majburlash emas, balki ishontirish; boshqarish emas, balki yo‘l ko‘rsatishdir. Buyuk ajdodimizning bu o‘gitlari asrlar osha o‘z ovozini yo‘qotmagan holda, Yangi O‘zbekistonning adolatli, xalqparvar va ma’rifatli davlat qurish yo‘lidagi istiqbolli islohotlariga naqadar hamohang ekani bilan bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA