Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oqdaryolik yoshlar uchun yana bir imkoniyat
19:30 / 2023-01-06

Yurtimizda davom etayotgan Vatanparvarlik oyligi doirasida qator targ‘ibot tadbirlari bilan birga miliy armiyamiz qudratini mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda.

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida zamonaviy binoda ish boshlagan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv sport-texnika klubi oqdaryolik yoshlarning sport-texnika turlari bilan shug‘ullanishlariga xizmat qiladi. 

Yangidan bunyod etilgan binoni foydalanishga topshirish munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi H.Botirov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Q.Achilov va boshqalar mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishda “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi sport-texnika klublarining alohida o‘rni borligini ta’kidlashdi.  

[gallery-10191]

– Binoda innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan haydovchilikka o‘qitish uchun maxsus o‘quv xonalar, bir vaqtning o‘zida 30 nafar sportchining o‘q otish sporti bilan shug‘ullanishiga imkon beruvchi maxsus xona, mexanik va tibbiyot xonalari mavjud, – deydi Oqdaryo o‘quv sport-texnika klubi boshlig‘i Mirjalol Norboboyev. – Bu yerda yiliga 800 nafar avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash mumkin. Bundan tashqari, tumanimiz yoshlari sport-texnika turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaydi.  

Tadbir doirasida Oqdaryo tumanidagi mahallalarda ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatga olingan ehtiyojmand oilalarning farzandlariga haydovchilik kurslarida bepul o‘qish uchun sertifikatlar topshirildi. Sport texnika turlari bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishgan sportchi yoshlarga “Vatanparvar” tashkilotining faxriy yorliq va estalik sovg‘alari topshirildi.  

– Harbiy xizmatni o‘taganman, – deydi tumanning Paxtaobod mahallasida yashovchi Asadbek Xomidjonov. – bugungi tadbirda sport-texnika klubida imtiyozli o‘qish imkonini beruvchi sertifikat berildi. Shu asosda haydovchilikka o‘qib, kelgusida harbiy yo‘nalishda ishga kirishni maqsad qilganman.  

Tadbir doirasida oqdaryolik yoshlar uchun Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.