Oqchangal qishlogʻida sayyor qabul oʻtkazildi
Oʻrganilishi vaqt talab qilgan muammolar yuzasidan, viloyat va tuman mutasaddi idoralari vakillariga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.
Prezidentimizning 2019-yil 8-yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida barcha sektor rahbarlari aholining ijtimoiy iqtisodiy ahvolini oʻrganish maqsadida sayyor qabullar oʻtkazishi belgilab qoʻyilgan.
Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shavkat Mavlonov oʻzi rahbarlik qilayotgan 3-sektor hududidagi Xovos tumani Oqchangal mahalla fuqarolar yigʻinida sayyor qabul oʻtkazdi.
Mamlakatimiz Mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida viloyat IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari Sh.Mavlonov Oqchangal mahallasida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalarning holidan xabar oldi, ularning muammolarini uyma-uy yurib oʻrgandi, fuqarolarning murojaatlari birma-bir tinglandi.
Uyma-uy yurib oʻtkazilgan sayyor qabul chogʻida aholi tomonidan, bandlik, tibbiy xizmat sifati, nafaqa pullari, mahalla koʻchalariga tosh-shagʻal yotqizish kabi masalalar koʻtarilib, aholi tomonidan koʻtarilgan ushbu murojaatlarning asosiy qismi joyida oʻz yechimini topdi. Oʻrganilishi vaqt talab qilgan muammolar yuzasidan, viloyat va tuman mutasaddi idoralari vakillariga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, 3-sektor rahbari Sh.Mavlonov tomonidan oqchangallik ehtiyojmand oilalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 20 bosh qoʻy, bayram tuhfasi sifatida tarqatildi.