Ma’lumki, har qanlday yurt taraqqiyoti ko‘p jihatdan yangicha tafakkurli, yuksak salohiyatli kadrlarga bog‘liq. Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonni yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlar boshlangan payt oliy ta’lim tizimi bayroqdori sifatida respublikamiz va dunyo tajribasining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirgan, barcha institut va universitetlarimizga namuna bo‘la oladigan yangi zamonaviy bilim maskani ochish dolzarb ahamiyat kasb etardi.
Bir necha yil muqaddam Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilishi shu yo‘lda tashlangan dadil qadam bo‘ldi. Bu voqea xalqimiz, avvalo yoshlarimiz talab va istagini hisobga olinib, qolaversa oliy ta’lim sohasida kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, farzandlarimiz uchun yanada keng imkoniyat va sharoitlar yaratishdek ulug‘vor maqsadlarni ko‘zlab asos solingani diqqatga sazovor.
Poytaxtimizning “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mazkur universitetni tamomlayotgan yoshlar ishtirokida ilk bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Ezgu orzu-intilishlarimiz, shiddatli taraqqiyotimiz, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati ramzi bo‘lgan ushbu muhtasham majmuaga universitet pedagogik jamoasi, olimlar, “birinchi qaldirg‘och” yoshlar, ota-onalar taklif etildi.
[gallery-25343]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim sohasida ilgari surilayotgan ilg‘or tashabbuslar yuksak samara berayotganini ta’kidladi. Ushbu tarixiy tadbir doirasida Dasturiy ta’minot muhandisligi, Mexanika muhandisligi hamda Kimyo va materialshunoslik muhandisligi yo‘nalishlarida tahsil olgan dastlabki 129 nafar o‘g‘il-qiz diplom oldi. Top-10 bitiruvchiga Prezident sovg‘asi ham topshirildi. Ushbu esdalik chuqur bilimli yoshlarga yanada yuksak ishonch va g‘urur bag‘ishlaydi.
Aytish joiz, universitetning 96 nafar talabasi allaqachon doimiy ish bilan ta’minlangan. Ularning 27 foizi davlat tashkilotida, 73 foizi xususiy sektorda faoliyat yuritmoqda. Magistratura bosqichiga qabul qilingan 20 dan ziyod bakalavrdan 2 nafari Buyuk Britaniyaning “Cranfield University” va Finlyandiyaning “Tampere University” oliygohida grant asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. 2 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2025 yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovida g‘olib chiqib, “Queen Mary University of London” (Buyuk Britaniya) va “Boston University” (AQSH)ga kirdi.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchi-yoshlari “Epam Systems”, Kiberxavfsizlik markazi, Fan va olimpiadalar markazi, Al-Xorazmiy universiteti, “Ucell, MobiUz”, “Payme”, “Ipoteka bank”, “O‘zsanoatqurilishbank” AJ, “O‘zmilliybank” AJ, “Ipak yo‘li bank” AJ, Biznesni rivojlantirish banki va boshqa nufuzli tuzilmalarda ishlayapti. 4 bitiruvchi faoliyatini startap loyihalar va ilmiy-tadqiqot muassasalarida boshlagan. Jumladan, “Oygul” startapi bilan “President Tech Award” tanlovida 1-o‘rinni egallab, 100 ming dollargaga sazovor bo‘lgan Nurislombek Mahkamjonhojizoda loyihani tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘ydi.
Ilk bitiruv marosimi o‘quv yurti uchun tarixiy bosqich bo‘lib, mamlakatimizda raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega yosh mutaxassislar yetishtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi.
– Men dastlab Namangandagi Prezident maktabi, so‘ngra “Yangi O‘zbekiston” universiteti mexanika muhandisligi fakultetida tahsil oldim, – deydi Robiyaxon Nabijonova. – 2021 yil bir necha xorijiy universitetga o‘qishga qabul qilingan bo‘lsam-da, “Yangi O‘zbekiston” universitetida o‘qishga qaror qildim. Negaki, bu sohada yurtimizda ayol-qizlar juda ozchilikni tashkil etadi. Bizning har bir yutug‘imiz Yangi O‘zbekistonning ham yutug‘i, deb o‘ylayman. Ta’lim olish yo‘lida ko‘rsatilgan cheksiz e’tibor uchun Prezidentimizga, ustozlarimizga rahmat!
– Biz, yoshlar uchun yurtimizda cheksiz imkoniyatlar yaratilmoqda, – dedi Zarshedjon Nasimov. – Endi olgan bilimimizni jonajon Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida sarflaymiz.
– To‘rt yil ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketgandek, – deya tengdoshlari so‘ziga o‘z fikrini ulab ketdi tarixiy bitiruvchilar safida Dasturiy ta’minot muhandisligi bo‘yicha bakalavr diplomini qo‘lga kiritgan Umidjon Ergashev. – Yodimda, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 287-maktabni oltin medal bilan imtiyozli bitirgan yilim o‘zim tanlagan soha bo‘yicha bir yo‘la ikki oliy o‘quv yurti – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va endi ochilgan Yangi O‘zbekiston universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Mana bugun tanlovim xato bo‘lmaganini his qilyapman. Biz endigina dastlabki dovondan o‘tdik. Hali ko‘p o‘qishimiz, mehnat qilishimiz kerak. Zero, 4 yil davomida davlatimiz g‘amxo‘rligi, Prezidentimiz e’tibori tufayli bizga beminnat berilgan bilimlarni yurt ravnaqi yo‘lida ishga solishimiz, eng zamonaviy, rivojlangan davlatlar standarti asosida yaratilgan imkoniyat, qulay sharoitlar uchun o‘z salohiyatimiz bilan munosib javob berishimiz kerak.
Tantanali tadbir mustaqillik, baxtiyor yoshlarimiz, erk va ozodlik kabi mavzular kuylangan ajoyib musiqiy dastur bilan yakunlandi.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari