Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oq yo‘l, bitiruvchilar
20:27 / 2017-06-21

Toshkent davlat stomatologiya institutida bakalavr va magistratura bosqichlarini bitirgan talabalarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat stomatologiya institutida bakalavr va magistratura bosqichlarini bitirgan talabalarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi raisi A.Hasanov, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori J.Rizayev va boshqalar mamlakatimizda tibbiy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiy yordam sifati va samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilash, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratishga doir muhim masalalar belgilangan.

Davlatimiz rahbarining shu yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida tibbiy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida ham muhim vazifalar belgilab berildi. Ayni paytda tibbiy ta’lim muassasalarida bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Toshkent davlat stomatologiya institutida jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish, o‘quv-pedagogik faoliyatga, malaka oshirish kurslariga xorijdagi ta’lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni faol jalb etish, magistrlar, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda amaliyot o‘tashini, professor-o‘qituvchilarning malakasini yuksaltirishni tashkil qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur oliy ta’lim muassasasini bu yil 154 bakalavr va 18 magistr bitirdi.

O‘quv jarayonida nazariya va amaliyot uzviy olib borilmoqda. Buning uchun institutda barcha shart-sharoit bor, zamonaviy jihozlangan ilmiy va o‘quv laboratoriyalari, talabalar poliklinikasi faoliyat ko‘rsatib turibdi. Talaba-yoshlar institutda nazariy bilimlar olish bilan birga, ushbu laboratoriyalarda va talabalar poliklinikasida amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lmoqda.

Oliy ta’lim muassasasi malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanning ilg‘or tajribalarini amaliyotga joriy etish maqsadida jahonning o‘nga yaqin mamlakatidagi ta’lim va tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda. Xususan, Janubiy Koreya, Belgiya, Niderlandiya, Rossiya va boshqa mamlakatlardagi nufuzli tibbiy ta’lim muassasalari va yetakchi klinikalarning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari uyushtirilayotgani talabalarning sohaga doir bilim va tajribasini oshirishga xizmat qilmoqda.

– Agar inson o‘z sohasini sevsa, sidqidildan mehnat qiladi, – deydi institut bitiruvchisi Anvar G‘aniyev. – Bakalavriat va magistratura bosqichlarini imtiyozli ravishda tamomladim. Institutimiz tarkibidagi Xirurgik stomatologiya poliklinikasida amaliyot o‘tagandim, shu yerga ishga olishdi. Bemorlar dardiga shifo topib, sidqidildan xizmat qilish niyatidaman.

Tadbirda talabalar Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishga, tibbiyot tizimini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga ahd qildi.