AQSH Prezidenti Donald Tramp "Daily Mail" nashriga bergan intervyusida Eronga nisbatan harbiy amaliyot taxminan to‘rt hafta yoki kamroq davom etishi kutilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya uchun dastlab to‘rt haftalik muddat belgilangan.
Amerika yetakchisi jarayon reja asosida ketayotganini ta’kidlab, AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalardan hayratlanmaganini aytdi. Shu bilan birga Tramp Eron bilan keyingi muzokaraga tayyorligini ham ma’lum qildi. Ehtimoliy muloqotning aniq vaqti yoki o‘tkazilish ehtimoli bo‘yicha esa hech nima demagan. "Tehron muzokara qilish istagini bildirdi, ammo bu masala oldinroq ko‘tarilishi kerak edi", degan Tramp.
Shuningdek, Tramp Kuvaytda 1-mart kuni halok bo‘lgan uch amerikalik harbiy uchun "qasos olish"ga va’da berdi. Mar-a-Lago qarorgohidan bayonot berarkan, u Eronni Yaqin Sharqdagi keskinlikni kuchaytirayotgan kuch, deb atadi va mamlakat rahbariyatini ushbu harakatlardan voz kechishga chaqirdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harakati va xalqni qo‘llab-quvvatlash choralarining maqsadi amerikaliklar va kelajak avlodlar xavfsizligini ta’minlashdir. Shuningdek, u Eron xalqini hukumatga qarshi ovoz chiqarish va amerikaliklarni operatsiyani qo‘llab-quvvatlashga undadi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA