Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oq uy kongressmenlarni ta’tilga chiqmaslikka chaqirdi, sabab...
22:35 / 2023-12-15

AQSH ma’muriyati Ukraina va Isroildagi vaziyat tufayli kongressmenlar yangi yil bayramini keyinga qoldirishi kerakligini aytmoqda. “Fox News” xabar berishicha, respublikachilar mamlakat manfaatiga e’tiborsizlikda ham ayblandi.

– Respublikachi kongressmenlar ma’suliyatli ishi bilan shug‘ullanishdan ko‘ra, ta’tilga chiqishni ma’qul ko‘rib, milliy xavfsizligimizga ichki va tashqi dunyoda putur yetkazyapti, – dedi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Endryu Beyts.
Avvalroq, Prezident Jo Bayden milliy xavfsizlikdagi muammolarga qarshi kurashishning aniq rejasini taklif qilgandi. Beyts ta’kidlashicha, mazkur reja Amerika sanoatini rivojlantirish va ish o‘rni yaratishga yordam beradi. Respublikachilar esa bu tashabbusni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Vakillar palatasi a’zolari payshanba kuni ishni tugatgani qayd etilgan. Senat majlisi ham yakunlanishi kerak. Kongressning har ikki palatasi 2024 yil 9 yanvarda faoliyatni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabrda mamlakat yetakchisi Kongressga Ukraina uchun bir yilga 61,4 milliard dollar, shuningdek Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘rab, murojaat qilgandi. Bundan tashqari Bayden AQSH – Meksika chegarasini himoya qilish uchun 13,6 milliard dollar va milliy xavfsizlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari uchun 7,4 milliard dollar ajratishni taklif qilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA