Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oq qalpoq” milliy bayrami keng nishonlandi
12:16 / 2024-03-11

“Oq qalpoq” – bu qirg‘iz xalqining an’anaviy erkaklar bosh kiyimi. Asrlar davomida qirg‘iz xalqi bosh kiyimni muqaddas bilgan. Manas bobomiz davridan beri uning shakli o‘zgarmadi va u ko‘p qirrali ahamiyatga ega. Xalq ustalarimiz aytishicha, oq qalpoq qorli cho‘qqilardan andoza olgan. Sof matodan ishlangan bu oq qalpoqlar qishda inson boshini sovuqdan, yozda esa issiqdan saqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Jizzax viloyat va Mirzacho‘l tumani hokimliklari O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida “Oq qalpoq” milliy bayrami munosabati bilan Gagarin shaharchasida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazdi.  

Ko‘klam kunlarida ko‘p millatli Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, Do‘stlik, Mirzacho‘l, Paxtakor kabi tumanlarida qirg‘iz millatiga mansub vatandoshlarimiz istiqomat qilayotgan hududlarda “Oq qalpoq” kuni keng nishonlanmoqda.  

Jumladan, Mirzacho‘l tumani Madaniyat saroyida tashkil etilgan ushbu tadbir ishtirokchilari dastlab kitoblar ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Mirzacho‘llik o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan qirg‘iz milliy liboslari, hunarmandchilik va chevarchilik hamda milliy taomlari ko‘rgazmasi ishtirokchilarning asosiy diqqat markazida bo‘ldi.  

-Qirg‘izistonda 2016-yilning 5-martidan buyon ushbu “Oq qalpoq” kuni milliy bayram sifatida keng nishonlanib kelinadi, – deydi O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi Jizzax viloyat bo‘limi raisining o‘rinbosari To‘ychi Ismoilov. – “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostidagi “Oq qalpoq” milliy bayrami munosabati bilan uch avlod uchrashuvini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini kuchaytirish, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdir.  

Mustaqillik yillari milliy bosh kiyim keng tarqala boshladi. Qirg‘iz millatga mansub katta-yu-kichik oq qalpoqni iftixor bilan kiyib yuradi. Hurmatli mehmonlarga, jumladan, rasmiy safar bilan kelgan xorijliklarga ham qadrli sovg‘a sifatida aynan oq qalpoq taqdim etiladi.  

Ko‘p millatli Mirzacho‘l tumanida ham ushbu bayram ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Tadbir davomida Vatanni, do‘stlikni, qardoshlikni, muhabbat va sadoqatni madh etgan qo‘shiqlar va raqslar yangradi. 

Viloyat qirg‘iz milliy madaniy markazi qoshida tashkil etilgan “Marjon” ashula va raqs xalq ansambli hamda Mirzacho‘l tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi umumta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ishtirokchilarga zavq ulashdi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),O‘zA muxbirlari